Tibbiy markazda sanitariya holat qoniqarsizmi?
Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahridagi “MEDICAL OF CHINA GUANGZHOU SAMARKAND” MChJ tibbiy davolash-diagnostika markazi sanitariya talablariga javob bermagan holda ish faoliyatini yuritayotganligi haqida murojaat e’lon qilingandi.
Viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi mutaxassislari holat yuzasidan mazkur tibbiy davolash-diagnostika markazida o‘rganish ishlarini olib bordi.
O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, “MEDICAL OF CHINA GUANGZHOU SAMARKAND” MChJ tibbiy davolash-diagnostika markazi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lib, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tibbiy faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya berilgan. Markazda mutaxassislar xalq tabobatining invaziv va noinvaziv, parhez va o‘simlik vositalarini qo‘llash yo‘nalishlarida diagnostika va konservativ davolash tibbiy faoliyati bilan shug‘ullanadi.
Tibbiy davolash-diagnostika markazi joylashgan bino xonalarining sanitariya holati qoniqarli. Xonalarda joriy va mukammal tozalash ishlari olib borilgan. Murojaatchining bir xonaga 30 nafarga yaqin bemorlarni davolash uchun yotganligi haqidagi ma’lumoti o‘rganishlar davomida o‘z tasdig‘ini topmadi. Moliyaviy masalalar bo‘yicha ko‘rsatib o‘tilgan murojaat viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasining vakolat doirasiga kirmaganligi sababli, ushbu holat davlat soliq idorasi tomonidan o‘rganilmoqda.
Samarqand viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi axborot xizmati.