Toyloq tumani tibbiyot birlashmasi bo‘limlarining isitish qozonlarini zamonaviy tejamkor qozonlarga almashtirish ishlari boshlandi
Kecha, 25 noyabr kuni Zarnews.uz sayti va telegram kanalida “Toyloq tumani tibbiyot birlashmasining ichki kasalliklar bo‘limi kuz-qish mavsumiga tayyorlanmagan” sarlavhasi ostida maqola e’lon qilindi.
Unda viloyat ishchi guruhi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar vaqtida muassasaning issiqlik tizimi ta’mirlanmagani, bemorlar tomonidan elektr isitkichlardan foydalanayotgani, xonalarda yoritish tizimi sozlanmagani, tom qismi ta’mirlanmaganligi bois tashqi devorlarda namlanish yuzaga kelganligi aytilgan.
Mazkur maqola yuzasidan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan ishchi guruh tashkil etilib, o‘rganish ishlari olib borildi.
Jumladan, Toyloq tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli terapiya bo‘limi uchun 2015 yilda Investitsiya dasturi doirasida, zamonaviy loyiha asosida 3 qavatli bino qurilib, foydalanishga topshirilgan. Bo‘limning barcha xonalariga alyumin batariyalar o‘rnatilgan bo‘lib, bino zamonaviy isitish qozonlari bilan isitiladi. Bundan tashqari, binoning 3-qavati uchun alohida tejamkor isitish qozoni o‘rnatilgan bo‘lib, barchasi ish holatida. Hatto, kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida mazkur isitish tizimlari to‘liq nazoratdan o‘tkazilgan. Biroq bugungi kunda haqiqatdan ham ichki harorat 18-20 gradusni tashkil qilib, talab darajasidan past. Bu esa sovuq tushishi bilan tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyoj oshganligi va shu sabab gaz bosimi sezilarli darajada pasayib keganligi bilan bog‘liq. Shu bois muassasada bemorlar uchun kerakli haroratni ta’minlash maqsadida vaqtinchalik elektr isitkichlardan foydalanilgan.
Hozirda muassasa mas’ullari tomonidan ichki imkoniyatlardan kelib chiqib, gaz bosimini ko‘tarish choralari ko‘rilmoqda. Bundan tashqari, bo‘limlarda issiqlikni ta’minlash maqsadida mavjud isitish qozonlarini zamonaviy tejamkor, ikki konturli “Vesmann” qozonlariga almashtirish ishlari boshlandi.
O‘rganish vaqtida bo‘limning 1 qavatidagi ichki xojatxona ta’mirtalab bo‘lib qolganligi bois bino devorlarida namlanish holatlari kelib chiqqanligi aniqlandi. Ammo oxirgi bir oy davomida ushbu hojatxonani kapital ta’mirlash ishlari olib borilayotganligi uchun tez kunda ushbu muammo bartaraf etilishi ma’lum bo‘ldi.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash kerakki, Toyloq tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli markaziy shifoxonaning barcha bo‘limlarida paydo bo‘lgan muammolarni tezda aniqlash va ularni bartaraf etish maqsadida nazorat o‘rnatildi.
Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati.