Tumanlarda og‘ir kasallarga xizmat ko‘rsatuvchi tibbiy markazlar ochiladi

Qayd etilishicha, joriy yilga mo‘ljallangan davlat dasturida olis tuman markazlarida qo‘shma shikastlanish va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari ochish vazifasi belgilangan. Shundan kelib chiqib, Bulung‘ur, Ishtixon, Urgut va Paxtachi tumanlarida shunday markazlarni tashkil qilish bo‘yicha tegishli takliflar ishlab chiqilgan.

Negaki, Paxtachi tumani tibbiyot birlashmasi M-37 “Ashxobod-Toshkent” avtomagistral yo‘li yaqinida joylashgan. Tuman tibbiyot birlashmasi bugungi kunda 152 mingga yaqin aholi, shuningdek, Narpay, Kattaqo‘rg‘on tumanlari hamda qo‘shni Navoiy viloyati aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda.

Birlashma hamda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Samarqand filiali o‘rtasidagi masofa 141 kilometr, Kattaqo‘rg‘on politravma markazi orasidagi masofa esa 56 kilometr. Shu bois markazni Paxtachi tumani tibbiyot birlashmasi binosiga joylashtirish maqsadga muvofiq, deb topilgan.

Birlashmaning 25 o‘rinli shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi 4 qavatli binoning 1-qavatida joylashgan. Statsionar va portativ rentgen apparatlari uchun maxsus xonalar, binoning qabul bo‘limi kirish qismida angiograf apparati uchun joy mavjud. MSKT apparatini ishlatish uchun mutaxassis bor, “Angiograf” apparatini ishlatish uchun esa 2 nafar mutaxassisni tayyorlash rejalashtirilgan. Ikkinchi qavatda 3 ta operatsion xona, 9 ta reanimatsion o‘rinlar va 50 ta politravma o‘rinlari tayyorlangan.

Bulung‘ur, Ishtixon va Urgut tumanlari tuman tibbiyot birlashmalari ham markaz tashkil qilish uchun xuddi shunday parametrlarga ega.

Bu ishni amalga oshirish uchun Vazirlar Mahkamasining “Tuman va shahar tibbiyot birlashmalari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi tayyorlangan.

Xalq deputatlari viloyat Kengashinig yigirma beshinchi sessiyasida deputatlar qaror loyiha yuzasidan ishlab chiqilgan takliflarni ko‘rib chiqib, tegishli qo‘shimcha va o‘zgartishlarni kiritgan holda tasdiqladi.