Samarqandda mehmonxonalar yana bittaga ko‘paydi

Yurtimiz aholisi va chet ellik sayyohlarga qulayliklar yaratish, mamlakatimizda turizmni yanada rivojlantirish maqsadida Samarqand shahrida “Grand Hotel Sogdiana” nomli zamonaviy mehmonxona qurib foydalanishga topshirildi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat va shahar hokimligi vakillari, viloyat jamoatchiligi, nuroniy otaxonlar hamda tadbirkorlar qatnashishdi.

Tadbir ishtirokchilari barcha qulayliklarga ega, milliy va jahon andozalari asosida ko‘rkam bezatilgan mehmonxona bilan tanishishdi.

202 o‘rinli mazkur mehmonxonada 102 ta har xil turdagi (1-3 kishilik, VIP) xonalar, 100 o‘rinli konferens zal, 160 kishilik restoran, sport zali, sauna hamda yopiq akvapark mavjud. Shuningdek, mehmonxonaga keladigan turistlar, dam oluvchilarning avtotransport vositalari uchun avtoturarjoy tashkil qilingan.