Samarqandda qancha xonadon obod bo‘ldi?

Viloyatdagi 1097 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida 47 ming 703 ta kambag‘al oila mavjud.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Vatanimiz mustaqilligining 29 yilligiga munosib tayyorgarlik ko‘rish, pandemiya oqibatlarini yumshatish hamda xalqimizning kayfiyatini ko‘tarish, og‘ir sharoitda yashayotgan oilalarni kambag‘allikdan olib chiqish kabi ezgu maqsadlar bilan “Jonajon yurtim obodligiga o‘z hissamni qo‘shaman” shiori ostida dolzarb uch oylik e’lon qildi.
Oylik doirasida birinchi navbatda yuqorida qayd qilingan kambag‘al oilalar turmush sharoitlarini yaxshilash ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, bugungi kungacha 9 ming 481 ta kambag‘al oilaning uy-joylari tartibga keltirildi.
Misol uchun, 160 ta ehtiyojmand fuqarolar yashash xonadonlarining tom qismi ta’mirlandi, 1369 tasining fasadi ranglandi. Bundan tashqari, 2643 ta xonadonning ichki xonalari, 1385 tasining devorlari ta’mirlandi. O‘rganish asosida 1885 ta kambag‘al oilaning tandirxona va o‘choqxonalari, 1500 ga yaqin xonadonda yordamchi xo‘jalik binolari tartibga keltirildi.
O‘rganishlar davomida viloyatda ro‘yxatga olingan 47 ming 703 ta kambag‘al oilaning 3512 tasi ishsiz ekanligi aniqlandi. Ularning 2369 tasi ish bilan ta’minlandi.
Qayd qilish lozimki, ehtiyojmand va kambag‘al oilalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy ahvolini yaxshilash zamirida aholi o‘rtasida mehnatsevarlik, ertangi kunga umid tuyg‘ularini shakllantirish asosiy vazifa sanaladi.
Shu bois, ish bilan ta’minlangan kambag‘al oila vakillarining 614 nafari mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga, 1086 nafari haq to‘lanadigan jamoat ishiga jalb qilingan. Shuningdek, 589 kishiga o‘zini o‘zi band qilishi, 35 ta ehtiyojmand oilaga subsidiya, tadbirkorlikka ishtiyoqi bor, lekin imkoni yo‘q 25 oilaga imtiyozli kredit olishida ko‘maklashildi.
Umuman, oylik doirasida har bir oila va mahalla bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olingan. Shu asosda viloyatdagi mavjud 1498 ta qabristonning 378 tasi, 52 ta ziyoratgohning 34 tasi obodonlashtirildi.
Viloyatda 128 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari temiryo‘l yo‘nalishi atrofida va ularda 2596 ta xonadonlar joylashgan. Mazkur xonadonlarning 317 tasi ta’mirtalab bo‘lib, shu kunga qadar 116 tasida zarur qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Temiryo‘l atrofidagi 45 ta ko‘cha va 39 ta ob’yekt obodonlashtirilib, tartibga keltirildi.
Samarqand viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi.