Samarqandda texnikum va kollejlarga kirish test sinovlari boshlandi

Imtihonlar Samarqand shahrida uchta hududda: SamDU akademik litseyi sport zali, Samarqand sportning yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan BO‘SM basketbol va qo‘l to‘pi zallarida, shuningdek, Kattaqo‘rg‘on shahri, Paxtachi, Ishtixon, Nurobod, Qo‘shrabot tumanlarida 8 oktyabrga qadar bo‘lib o‘tadi.

2022-2023-o‘quv yili uchun professional ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari ikki navbatda o‘tkaziladi. Bunda sinovlar birinchi navbatda soat 9:00 dan 12:00 ga qadar, ikkinchi navbatda soat 14:30 dan 17:30 ga qadar bo‘lib o‘tadi.

Test sinovi kasb va mutaxassislikka mos ikkita fan va barcha test topshiruvchilar uchun majburiy bo‘lgan uchta fan (ona tili, matematika, O‘zbekiston tarixi)dan o‘tkaziladi.

Imtihonda talabgorlarga mutaxassislik fanlaridan 30 tadan, majburiy fanlardan 10 tadan jami 90 ta test topshirig‘i va ularni ishlash uchun 3 soat vaqt ajratiladi.

Test sinovlarida to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ball – 189 ball bo‘lib, har bir to‘g‘ri javob uchun:

1-mutaxassislik fanida — 3,1 balldan;

2-mutaxassislik fanida — 2,1 balldan;

majburiy fanlarda — 1,1 balldan beriladi.

Davlat test markazi viloyat bo‘limining Zarnews.uz’ga xabar berishicha, bugun birinchi navbatda qatnashishi kerak bo‘lgan 1650 nafar talabgordan 854 nafari imtihonga kelgan, qolgan 796 nafari turli sabablarga ko‘ra test sinovlariga kelmagan. 5 kun davom etadigan test sinovlarida viloyatimizdan jami 15 870 nafar abituriyent qatnashishi kutilmoqda.