Samarqandda umumxalq ekologik xayriya hashari boshlandi

Bugun erta tongdan viloyatimizning barcha tuman, shaharlarida umumxalq ekologik xayriya hashari boshlandi.

Hasharni o‘tkazish doirasida mahallalar, aholi punktlari, ko‘p qavatli uylar va binolar, hovlilar atrofi, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgohlar va qabristonlar, ariqlar, ko‘chalar va yo‘laklar hamda bolalar maydonchalari tartibga keltiriladi.

Xayriya hasharidan tushgan mablag‘lar Orol dengizining suvi qurigan maydonlarida himoya o‘rmonlarini barpo etish, mintaqada ekologik holatni va aholi turmush sharoitini yaxshilash, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish kabi tadbirlarga sarflanadi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Orolni qutqarish, uning qurigan hududida 500 ming gektar o‘rmonzor barpo etishga kirishildi. Yangi yil arafasida boshlangan mazkur ezgu ishlarga Qoraqalpog‘iston va respublikamizning boshqa viloyatlari qatori samarqandlik qishloq xo‘jaligi xodimlari, o‘rmonchilar, seleksioner, mexanizator, harbiy xizmatchi va favqulodda vaziyatlar idoralari xodimlari ham jalb etildi. Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumani sahrolarida viloyatimizning yuz nafarga yaqin mutaxassislari 50 dan ziyod texnika bilan saksovul ekish ishlarini amalga oshirmoqda.