Samarqandda yana bir institut ochildi

Bugun Toshkentdagi ISFT (International School of Finance Technology and Science) instituti Samarqand filialining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. 

-  ISFT instituti ilk bor 2021 yilda Toshkent shahrida tashkil etildi va jahon standartlariga mos mutaxassislar tayyorlanmoqda, - dedi institut rektori Ibrohim G‘ulomov. – Mana bugun faoliyatimizni yanada kengaytirib, Samarqand shahrida institut filialini ochyapmiz. Buning uchun avvalo, ushbu ta’lim muassasasini qurgan homiylar va quruvchilarimizga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.

Yangi oliy ta’lim binosi 5 qavatdan iborat bo‘lib, unda zamonaviy o‘quv xonalari, faollar zali, oshxona, sport maydoni, 25 ming kitobga ega kutubxona mavjud. O‘quv xonalarining barchasi kameralashtirilgan va konditsionerlar bilan jihozlangan.

- Oliy ta’lim muassasasining tashqi tomoni zamon talablariga mos bo‘libdi, endi uning ichki tomoni, ya’ni ta’lim jarayoni ham shunga munosib bo‘lsin va  sifatli mutaxassislar tayyorlanishiga tilakdoshman, - dedi Samarqand shahar hokimi.

Darhaqiqat, ISFT instituti «International School of Finance Technology and Science» Samarqand filialida xalqaro biznes boshqaruvi, pedagogika, moliya-iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar fakultetlari bo‘lib, ularda 17 yo‘nalishda bakalavr va 3 yo‘nalishda magistrlar tayyorlanadi. Bu yil 300 nafar talaba grant asosida o‘qishga qabul qilinadi. Darslar o‘zbek, rus va ingliz tilida olib boriladi.

Tadbir so‘nggida Toshkent ISFT institutini a’lo baholar bilan bitirgan bir guruh talabalarga noutbuk va sertifikatlar topshirildi.

Xurshida ERNAZAROVA.