Dunyoning nufuzli ellik oliygohi hamkorimiz

Ular o‘zbek yoshlarini malakali mutaxassis qilib tarbiyalashimizga ko‘maklashadi.

1994 yilda ish boshlagan institutimizda hozirda tarjimonlik, koreys, xitoy, yapon, arab, ingliz, fransuz, nemis, ispan va italyan tillari yo‘nalishi bo‘yicha respublikamizning barcha viloyatlaridan talabalar tahsil olmoqda.

O‘tgan qisqa davrda muassasamizda ta’lim olish uchun eng yuksak xalqaro standartlarga mos moddiy-texnik baza yaratildi, kadrlar salohiyati va ijodiy imkoniyatlari oshdi. Bugun ilmiy-pedagogik jamoamiz yetuk mutaxassis kadrlar tayyorlash yo‘lida bahamjihat faoliyat olib bormoqda.

Xususan, keyingi yillarda ijtimoiy-madaniy, ma’rifiy, ilm-fan sohalarida yaratilgan shart-sharoitlar, ilmiy hamda pedagogik faoliyatdagi ijodiy erkinlik, yaratuvchanlik, xalqaro hamkorlik borasidagi islohotlar jamoamizning xalqimiz, millatimiz istiqbolidagi samarali faoliyatiga o‘ziga xos zamin hozirladi. Buning samarasida ins-titut chet tillarini o‘qitish bo‘yicha tajriba maydoniga aylandi, sohada obro‘-e’tibor qozondi.

Ayniqsa, 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab har bir oliy ta’lim muassasasi qa­bul kvotalarini o‘zining im­koniyatlaridan kelib chiqqan holda belgilashi bevosita yangi yo‘nalishlar ochish, kvotalarni ko‘paytirishimiz uchun qulayliklar yaratdi. Shu kunlarda jamiyatimiz uchun zarur bo‘lgan yangi yo‘nalishlarni ochish bo‘yicha ishlayapmiz.

O‘quv jarayoniga xorijiy mutaxassislarni jalb etishga alohida ahamiyat beryapmiz. Har o‘quv yilida dars va seminar-treninglar o‘tish uchun 50 nafarga yaqin xorijlik professor-o‘qituvchilarni institutimizga taklif etyapmiz. Bugun bir nafardan AQSh, Indoneziya, Italiya va arabistonlik, yetti nafar xitoylik, ikki nafar koreyalik mutaxassislar talabalarga dars beryapti. Jumladan, AQSh, Angliya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Portugaliya, Rossiya, Ukraina, Janubiy Koreya, Xitoy, Hindiston, Malayziya, Indoneziya, Yaponiya, Tojikiston, Qozog‘iston kabi davlatlarning 50 dan ortiq nufuzli oliy ta’lim muassasalari, xalqaro tashkilotlar bilan ta’lim, ilmiy-tadqiqot va madaniy sohalarda ham­korlik aloqalarini yo‘lga qo‘yganmiz.

Jamoamiz muntazam ravishda xalqaro grantlar va innovatsion loyihalarda ishtirok etmoqda. Misol uchun Shanxay xorijiy tillar universiteti bilan imzolagan hamkorlik shartnomasiga muvofiq 2014 yilda oliygohimiz qoshida Konfutsiy instituti tashkil etildi.

Hozirda sakkiz nafar xorijlik talaba institutimizda tahsil olmoqda. Ins­titut bazasida har yili germaniyalik hamda koreyalik talabalar uchun o‘zbek tili va madaniyati o‘quv kurslari tashkil etilayotir. Mazkur kursga joriy yilning may oyida AQShning Indiana universitetidan 20 nafar talabani taklif qilishni rejalashtirganmiz.

Shuningdek, qo‘shdiplomlik tizimini, qo‘shma fakultetlarni joriy qilish, investitsiya jalb qilgan holda xalqaro loyihalarda ishtirok etish, professor-o‘qituvchilarni malaka oshirishga yuborish, bitiruvchilarimizning magistratura, PhD dasturlarida o‘qishini tashkil qilish maqsadida Italiyaning Siyena xalqaro universiteti, Germaniyaning Haydelberg pedagogika universiteti, Fransiyaning Serji-Pontuaz universiteti va Versal akademiyasi hamda Rossiyaning bir qator nufuzli oliygohlari bilan hamkorlik shartnomalari imzolandi.

Iqtisodiyotning turli sohalari va tarmoqlarini chet tillarni kuchli o‘zlashtirgan, raqobatbardosh, yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash maqsadida AQShdagi Vebster universitetining "Ingliz tilini ikkinchi chet tili sifatida o‘qitish" yo‘nalishi magistraturasini ochish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Mazkur shartnoma asosida 2019-2020 o‘quv yilida respublikamiz oliy ta’lim muassasalarining 60 nafar talabasini tanlab olib o‘qitish, ta’lim jarayonlariga amerikalik hamda mahalliy professor-o‘qituvchilarni jalb qilish va bitiruvchilarga Vebster universiteti diplomini berish nazarda tutilmoqda.

O‘z navbatida, bu xalqaro hamkorlik, o‘zaro tajriba almashish, qabul kvotalarining oshirilishi institutimizning moddiy-texnik bazasini kengaytirish, jahon standartlari darajasidagi shart-sharoit yaratishni taqozo etmoqda. Shu sabab Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 8 apreldagi farmoyishi asosida Samarqand iqtisodiyot kollejining bino va inshootlari institutimiz balansiga o‘tkazildi.

Bundan tashqari, bugun institutimizning ingliz tili fakulteti binosi, 450 o‘rinli o‘quv binomiz rekons-truksiya qilinmoqda. Inves­titsiya dasturiga asosan ins­titut talabalar turar-joyi-da rekonstruksiya va kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Bu ishlar bajarilgach, institutimiz talabalari zamon talablariga javob beradigan o‘quv xonalari, auditoriyalarda tahsil olish, barcha qulayliklarga ega turar-joylarda istiqomat qilish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Ilhom TO‘XTASINOV,

Samarqand davlat

chet tillar instituti rektori.