Samarqandda yana ikki kishida koronavirus aniqlandi

Bu haqda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, bu ikki bemor ham virusni viloyatda aniqlangan birinchi bemor bilan muloqotda bo‘lishi natijasida yuqtirgan.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi va mutasaddi tashkilot, idoralar hamkorligida epidemiologik surishtiruv hamda koronavirus infeksiyasi tarqalib ketmasligi uchun barcha profilaktik chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.

Jumladan, bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan 325 nafar fuqaro Oqdaryo tumanidagi «Ustoz» sanatoriyasi, Samarqand tumanidagi viloyat salomatlikni tiklash shifoxonasi hamda Payariq tuman tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo‘limiga joylashtirilib, ularning salomatligi ustidan tibbiy nazorat o‘rnatilgan.

Hozirda shifokorlar va mutaxassislar tomonidan bemorlarni belgilangan standartlar bo‘yicha davolash hamda epidemiologik surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.