Samarqandda “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etiladi

Davlatimiz rahbari tomonidan 2026 yil 5 fevral kuni imzolangan “Maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimini tubdan yangi bosqichga olib chiqishni nazarda tutadi. Mazkur hujjat maktabgacha ta’lim sifatini oshirish, qamrov darajasini kengaytirish hamda tizimga ilg‘or pedagogik yondashuvlarni joriy etishga qaratilgan muhim islohotlarni o‘z ichiga oladi.

Jumladan, Farmonga muvofiq, bir yillik maktabga tayyorlov guruhlari dasturi majburiy umumiy o‘rta ta’limning boshlang‘ich bosqichi sifatida belgilandi. Endilikda 6 yoshli bolalar uchun maktabga tayyorlov jarayoni tizimli va majburiy asosda tashkil etiladi.

2027–2028-o‘quv yilidan boshlab maktabga tayyorlov guruhlarida ta’lim jarayonlari oliy ma’lumotli pedagoglar hamda oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchi bosqich talabalari tomonidan olib boriladi. Bolalarga bir yillik tayyorlovdan o‘tganlik to‘g‘risida davlat namunasidagi elektron sertifikat beriladi va ushbu ma’lumot umumiy o‘rta ta’lim shahodatnomasida qayd etiladi.

Tayyorlov guruhlari maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablari hamda boshqa ijtimoiy soha ob’yektlarida to‘liq yoki qisqa muddatli shaklda yo‘lga qo‘yiladi. Muhimi, nodavlat ta’lim tashkilotlariga ham bunday guruhlarni tashkil etishga ruxsat beriladi.

Shuningdek Farmonda maktabgacha ta’lim tizimini yangi sifat bosqichiga olib chiqishga qaratilgan “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini barpo etish belgilangan. Ushbu zamonaviy bog‘chalar tarkibida Bolalarni rivojlantirish innovasion markazi tashkil etiladi.

“Yangi avlod” bog‘chalarida bolalarning yosh va rivojlanish xususiyatlariga mos ravishda ijod va san’at, fan va matematika, jismoniy faollik, til va tasavvur, robototexnika va ilk algoritmlash yo‘nalishlarida tematik o‘yingohlar tashkil etiladi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha tarbiyachi-yo‘riqchilar faoliyat yuritib, nafaqat bolalar, balki ota-onalar va boshqa bog‘cha pedagoglariga ham metodik yordam ko‘rsatadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim noto‘g‘ri talqinlardan farqli ravishda, ushbu bog‘chalar “tabaqalashtirish” vositasi emas, balki sifatni oshirish va ilg‘or tajribalarni ommalashtirishga qaratilgan namuna muassasalardir. Bolalarni qabul qilish amaldagi tartib asosida amalga oshiriladi.

Xususan, Samarqand viloyatida 2027 yilda 1 ta “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkilotini qurish belgilangan bo‘lib, u davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti sifatida faoliyat yuritadi.

Farmonda pedagog kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. 2026–2027-o‘quv yilidan boshlab pedagogika oliy ta’lim muassasalarida maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavrlar tayyorlash xalqaro ilg‘or tajriba asosida tashkil etiladi.

Shuningdek, o‘rta maxsus ma’lumotli pedagoglar uchun dual ta’lim shaklida to‘lov-shartnoma asosida bakalavrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

“Yangi avlod” bog‘chalarining ma’muriy va pedagog xodimlari tanlov asosida qabul qilinadi hamda ularga tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz miqdorida davlat byudjetidan har oylik qo‘shimcha ustama belgilanadi.

Farmonda  nodavlat sektorga bir qancha imtiyozlar joriy etilgan. 2026-yil 1 apreldan boshlab maktabgacha ta’lim qamrovi 80 foizdan past bo‘lgan tuman (shahar)larda tadbirkorlik sub’yektlari uchun qator imtiyozlar joriy etiladi.

Xususan:

Davlat maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining bo‘sh yer maydonlarida davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘chalar tashkil etishga ruxsat beriladi;

30 yil davomida ijara to‘lovlari undirilmaydi;

har bir bola uchun 9 soatlik ish rejimidagi davlat bog‘chasida bir nafar tarbiyalanuvchiga sarflanadigan xarajatning 50 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi.

Bu imtiyozlar 2024 yildan boshlab tashkil etilayotgan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga ham tatbiq etiladi. Qamrov darajasi 80 foizdan past hududlar ro‘yxati vakolatli vazirlik tomonidan har yili yangilanadi.

Sobir Mirzayev,

Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari