Samarqandda yil yakunigacha 32 ta sanoat klasteri tashkil etiladi

Eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasining Samarqand viloyatida olib borgan ishlarning yakuni bilan to‘qimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat, elektrotexnika va qurilish materiallarini ishlab chiqarish sohasida 32 ta sanoat klasterini yaratish bo‘yicha 52 ta loyiha tayyorlandi.

Jumladan, Samarqand shahri, Oqdaryo, Past Darg‘om, Paxtachi, Narpay va Urgut tumanlarida 9 ta to‘qimachilik klasteri, Jomboy, Samarqand, Oqdaryo, Ishtixon, Bulung‘ur, Payariq tumanlarida va Samarqand shahrida oziq-ovqat sanoati va meva-sabzavotni qayta ishlash sohasida 15 ta klasterlar yaratilishi rejalashtirilgan.

Komissiya tomonidan viloyatda mahalliylashtirish dasturiga qo‘shimcha ravishda farmatsevtika, metall va metall buyumlar, avtomobillar uchun butlovchi qismlar, texnologik uskunalar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishga qaratilgan 13 ta yangi loyiha ishlab chiqildi.

Joriy yilda viloyatning 17 ta kichik sanoat zonasida umumiy qiymati 453,4 milliard so‘mlik 5 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan va bu 2 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratishga imkon beradi.

Hukumat komissiyasi faoliyati davomida ishlab chiqilgan amaliy chora-tadbirlar kompleksining amalga oshirilishi natijasida yil yakunigacha viloyatda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2,2 trillion so‘mga yetkazilib, 10,8 mingta qo‘shimcha ish o‘rni yaratiladi. Shuningdek, sanoat korxonalarining soliqqa ajratmalarining hajmi 825 milliard so‘mga va tasdiqlangan reja ko‘rsatkichlarini 149,3 foizga yetkazish kutilmoqda.

Samarqand viloyati investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi axborot xizmati.