Samarqanddagi 141 nafar maktab bitiruvchisiga oltin va kumush medallar topshiriladi

– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari va akademik litseylarning iqtidorli bitiruvchilarini oltin va kumush medallar bilan taqdirlash tartibi to‘g‘risida”gi nizomni tasdiqlagandi, – deydi Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasining ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i G‘ayrat Boboxolov. – Unga ko‘ra, belgilangan talablarga javob beradigan maktab bitiruvchilariga oltin hamda kumush medallar berish ko‘zda tutilgan. Shu asosida 2018-2019 o‘quv yilida Samarqand viloyati buyicha 11-sinfni tugatgan 78 nafar o‘quvchiga oltin va 63 nafariga kumush medal berish rejalashtirildi.

Eslatib o‘tamiz, oltin medal umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik to‘g‘risidagi a’lo darajali shahodatnomasi mavjud bo‘lgan, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 10 va 11-sinflarida barcha fanlar bo‘yicha yakuniy nazoratlar, choraklik va yillik baholari a’lo bo‘lgan yoki akademik litseylarning barcha kurslarida fanlar bo‘yicha yakuniy nazoratlar, yarim yillik va yillik baholari a’lo bo‘lgan, namunali xulq-atvorli va jamoat ishlarida faollik ko‘rsatgan bitiruvchilarga beriladi. Kumush medal esa umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik to‘g‘risidagi a’lo darajali shahodatnomasi mavjud bo‘lgan, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 10 va 11-sinflarida yoki akademik litseylarning barcha kurslarida fanlar bo‘yicha yillik baholari a’lo bo‘lgan, namunali xulq-atvorli va jamoat ishlarida faollik ko‘rsatgan bitiruvchilarga topshiriladi.

Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bergan ma’lumotga ko‘ra,  2018-2019 o‘quv yilida viloyatimizdan 11-sinfni 30 ming 268 nafar o‘quvchi bitiradi va 30 ming 127 nafariga oddiy attestat beriladi.

Darvoqe, mazkur haftada Samarqand shahridagi yoshlar markazida yigit-qizlarga oltin va kumush medallarni tantanali topshirish marsimi bo‘lib o‘tadi. Shu kuni 410 nafar o‘quvchi “Imtiyozli kasb malakasi diplomi” bilan ham taqdirlanadi.