Samarqanddagi Buxoro ko‘chasidan olib qochilgan avtomashina topildi

Xabaringiz bor, 2020 yilning 7 noyabr kunidan 8 noyabr kuniga o‘tar kechasi Samarqand shahar Buxoro ko‘chasi, 66-uyda yashovchi 34 yoshli Furqat O.ga tegishli oq rangli “VAZ-21011” rusumli avtomashinasi yashash uyi oldida qarovsiz qoldirib ketganligidan foydalanib, noma’lum shaxs tomonidan noma’lum tomonga olib qochib ketilgani haqida xabar bergan edik.

Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari davomida ushbu jinoyatni Samarqand shahrida yashovchi fuqaro, 32 yoshli Ramiz B. spirtli ichimlik ta’sirida sodir etganligi aniqlanib, u avtomashinani boshqarib ketayotganida YPX xodimlari tomonidan to‘xtatilib ushlangan. Undan  Furqat O.ga tegishli avtomashina xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Ramiz B.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Dastlabki tergov jarayonida Ramiz B.ga nisbatan ayblov e’lon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan tegishli sudlovga yuborish masalasini hal qilish uchun Samarqand shahar prokuraturasiga taqdim qilingan.