Samarqanddagi davolash markaziga Germaniyadan mutaxassislar keldi
Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish va ushbu kasallikka chalingan bemorlarni davolashda o‘zbekistonlik hamkasblari bilan tajriba almashish maqsadida yurtimizga tashrif buyurgan Germaniyaning Robert Kox instituti mutaxassislari Samarqandda bo‘ldi.
Germaniyalik tibbiyot xodimlari ikki kun davomida Samarqand shahrida tashkil etilgan maxsus davolash va taqsimlash markazida bo‘lib, koronavirus yuqtirgan bemorlarni davolash jarayonlari bilan tanishdi.
– Bugungi kunda COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolash, qo‘llanilayotgan davo muolajalari yuzasidan nemis mutaxassislar bilan o‘zaro fikr almashdik, – deydi Samarqand shahar tibbiyot birashmasi bosh vrachi A.Bobojonov. – Ayrim bemorlar yuzasidan birgalikda konsilium o‘tkazildi. Davolash ishlari jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida amalga oshirilayotgani e’tirof etildi. Shuningdek, bemorlarni ambulator va statsionar sharoitda davolash yuzasidan tavsiyalar bildirildi.
Ikki kunlik o‘rganish natijalari asosida Robert Kox instituti vakillari ishtirokida Samarqand viloyatidagi tibbiyot muassasalari rahbarlari va shifokorlar bilan onlayn-seminar o‘tkazilib, fikr almashildi.
Ma’lum bo‘lishicha, endilikda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar faqat Samarqand shahridagi maxsus davolash va taqsimlash markazida davolanadi. Viloyatimizning boshqa hududlarida tashkil etilgan bunday markazlar faoliyati to‘xtatildi.