Samarqanddagi dorixonalar “tabloda 24 soat”, aslida esa 8 soat ishlaydimi?

Bugun, 2 mart kuni soat 01:30 da sog‘lig‘im yomonlashgani sababli aptekadan dori olishga chiqdim. Samarqand shahri M.Haydarov ko‘chasidagi 5-oilaviy poliklinikaning oldida ijarada yashayman. Dori nonday zarur extiyojga aylangan hozirgi zamonda aptekalar “tabloda 24 soat” aslida esa 8 soat ishlash rejimiga o‘tganligining guvohi bo‘ldim.

Tadbirkor “aptekachi”larni tushunsa bo‘ladi, tushum ertalab va kechki payt zo‘r bo‘ladi. Lekin “issiq jon” qachon og‘rishini bilmaysiz ekan. Lekin yarim kechasi, arzimagan pul turadigan dori-darmon bir inson hayotini saqlab qolishi mumkin.

5-oilaviy poliklinika oldidagi ikki dorixona eshigiga “yopiq” yozuvi ilingan. Beruniy ko‘chasidagi Samarqand “+Apteka” ham “minus”ga kirgan. Dorixona oldida esa bir-ikki inson “yopiq” deb yozilgan eshikni taqqillatyapti.

Shu zahoti Mikrarayondagi shahar markaziy poliklinikasi, 1-shahar bolalar shifoxonasi yon-atrofidagi aptekalarga yo‘l oldim. Bu yerda ham “Ishlash rejimi: 24 soat” yozuvi bitilgan bo‘lsa-da, eshikka katta qulf osilgan.

Soat 02:30 da 1-tug‘ruqxona qarama-qarshisidagi dorixonadan dori olib uyga qaytdim.

“Apteka”lar (ayniqsa, poliklinikaning oldidagilar) tun-u kun ishlashi shartdek, nazarimda.

G‘ayrat MADRAHIMOV,

jurnalist.