Dorixonalarda ustamalar 20 foiz o‘rniga 93 foizgacha qo‘llanilgani aniqlandi
Bugun AOKA zalida Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi axborot xizmati rahbari Mohruxsor Tog‘ayeva ishtirokida o‘tkazilgan brifingda pandemiya davrida dori-darmon vositalari narxining oshishi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ma’lumot berildi.
Agentlik tomonidan respublikamizda viruslarga qarshi, immunitetni oshirish va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan dori vositalari narxining oshib ketishining oldini olish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Aholi talabi yuqori bo‘lgan 91 ta savdo nomidagi dori vositalarining dorixonalarda mavjudligi va ularning chakana narxlari yuzasidan kunlik monitoring amalga oshirilmoqda.
Joriy yil 23 iyuldan 9 oktyabrgacha 3 mingta dorixonada monitoring kuzatuvlari o‘tkazildi.
Agentlik tomonidan 140 ta dorixonada tekshirish va o‘rganishlar o‘tkazilgan bo‘lib, shundan, 30 tasida belgilangan ustamalarning 20 foiz o‘rniga 93 foizgacha qo‘llanilgani, 17 ta holatda yaroqlilik muddati o‘tgani, ro‘yxatdan o‘tmagan va kirim hujjati mavjud bo‘lmagan dori vositalarini realizatsiya qilish, 18 ta holatda litsenziyasiz faoliyat va boshqa kamchiliklar aniqlangan.
Qonunbuzarlik holatlari aniqlangan jami 28 ta dorixonaga ish qo‘zg‘atilib, ortiqcha olingan 2 million 800 ming so‘m pul mablag‘i iste’molchilarga qaytarilgan hamda litsenziya shartlarini qo‘pol ravishda buzganligi holati bo‘yicha hujjatlar mutasaddi tashkilotlarga yuborilgan.