Dorilar narxi oshirilgani yuzasidan 3000 dan ortiq dorixonalarga ogohlantirish berildi
O‘zbekistonda koronavirusni davolashga ishlatiladigan dori narxlari va ularning tanqisligini o‘rganish jarayonida 3000 dan ortiq dorixonalar rahbarlari va xodimlariga rasmiy ogohlantirish berildi. Bu haqda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi xabar berdi.
2020 yilning 20 iyulidan 12 avgustiga qadar 500 ga yaqin dorixonalarda COVID-19 infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashda qo‘llaniladigan dori vositalari va biologik faol moddalar ro‘yxatiga kiritilgan dori vositalarining dorixonalarda mavjudligi va ularning chakana narxlari yuzasidan agentlik tomonidan monitoring kuzatuvlari o‘tkazildi.
Natijada dorixonalarda quyidagi dori vositalari mavjud emasligi aniqlandi: Ribavirin tarkibli (virusga qarshi vosita) “Vizavirin” (Hindiston), Ritonavir va Lopinavir tarkibli (virusga qarshi vosita) “Aluvia” (Germaniya), “Lopinavir/Ritonavir” (Hindiston), Apiksaban tarkibli (to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir etuvchi antikoagulyant, Xa. koagulyasion omilining selektiv inxibitori) “Elikvis” (AQSh) dori vositalari.
Respublika bo‘yicha o‘rganilgan dorixonalarning 14 tasida (Toshkent sh., Andijon, Buxoro, Jizzax, Namangan, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyati) Umifenovir (virusga qarshi vosita) tarkibli “Arbidol” (Rossiya) va “Arpeflyu” (Belorussiya) dori vositasi mavjudligi hamda ularning qoldiq zaxirasi kamligi (605 quti) kuzatildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilayotgan axborotlarga ko‘ra, aholi talabi yuqori bo‘lgan ayrim dori vositalari dorixonalardan tashqarida va boshqa yo‘llar bilan qimmat narxlarda sotilayotganligi qayd etilmoqda.
Xususan, Plakvenil (gidroksixloroxin) kabi dori vositasi dorixonalardan tashqarida 500 ming so‘mdan 1 million so‘mgacha sotilayotgan bo‘lsa (vaholanki barcha xarajatlar va savdo ustamalari bilan qo‘shib hisoblanganda ushbu dori vositasining eng yuqori chakana narxi 410 ming so‘mdan oshmasligi kerak), chakana narxi 405 000 so‘mdan oshmasligi lozim bo‘lgan Kleksan (enoksaparin) 4000 XA ME dozali dori vositasi dorixonalar va undan tashqarida 2,4 mln so‘mgacha narxlarda sotilmoqda. Yoki, Belorusiyada ishlab chiqarilgan Geparin dori vositasi ham dorixonalarda qutisi uchun 400 000 so‘mdan realizatsiya qilinmoqda, uning cheklangan chakana narxi 135 000 so‘mni tashkil etadi.
Agentlikning hududiy tuzilmalari tomonidan 30 ta dorixonada o‘tkazilgan tekshirishlar davomida quyidagilar ma’lum bo‘ldi:
- 9 ta (Toshkent sh. Jizzax, Samarqand, Toshkent v.) holatda belgilangan ustamalarni 20 foiz o‘rniga 93 foizgacha qo‘llanilgan.
- 6 ta (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Sirdaryo v., Toshkent sh.) holatda yaroqlilik muddati o‘tgan, ro‘yxatdan o‘tmagan va kirim hujjati mavjud bo‘lmagan dori vositalarini realizatsiya qilish holatlari aniqlangan.
- 12 ta dorixonaga belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, tegishli ko‘rsatma berilgan (chora ko‘rilgan) hamda litsenziya shartlarini qo‘pol ravishda buzganligi uchun belgilangan tartibda litsenziyasini bekor qilish masalasini ko‘rib chiqish uchun Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga to‘plangan hujjatlar yuborildi.
Shuningdek, iste’molchilar murojaatlarini o‘rganish davomida va Agentlik tomonidan olib borilgan monitoring natijasida dori vositalarini tovar chekisiz sotish holatlari aniqlangan.
Agentlik barcha iste’molchilarga dorixona xodimidan dori vositalarini sotib olishdan oldin muvofiqlik sertifikatini talab qilish huquqiga ekanliklari, shuningdek, nazorat-kassa va tovar cheki berishni talab qilish zarurligini eslatib o‘tdi.
Dori-darmonlarni qabul qilish vaqtida shifokorning farmatsevtga yozma murojaati – retseptni saqlash tavsiya etiladi.
Bu borada iste’molchilik huquqlaringiz buzilgan taqdirda Agentlikning 1159 qisqa raqamli ishonch telefoni, www.consumer.uz. veb-sayti yoki info@consumer.uz. elektron manziliga murojaatingizni yuborishingiz mumkin.