Dorixonada ishlaydiganlar oylik oladimi yoki kunlik?

Yashirin iqtisodiyotni qisqartish va pul mablag‘larining bankdan tashqari aylanmasiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida joriy yil 17 noyabr kuni viloyat hokimi E.Turdimov rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda dorixonalar faoliyatida uchrayotgan shunday kamchiliklar qayd etildi.

Bugungi kunda Samarqand viloyatida 676 ta korxonaga tegishli 1025 ta dorixona faoliyat ko‘rsatmoqda. Yilning 10 oyida davomida ularning hisob raqamlariga tushum 1 trillion 219 milliard so‘mni, bir oylik o‘rtacha tushum esa 122 milliard so‘mni tashkil etgan.

Dorixonalar hisob raqami korxonabay tahlil qilinganda, bir oylik savdo tushumi 10 million so‘mgacha bo‘lganlar 162 ta (jami korxonalarning 24 foizini), 40 million so‘mgacha bo‘lganlar 262 ta (39 foiz), 70 million so‘mgacha bo‘lganlar 118 ta (17 foiz), 100 million so‘mgacha bo‘lganlar 47 ta (7 foiz), 100 million so‘mdan yuqori bo‘lganlar 87 ta (13 foiz) ekanligi kuzatildi.

Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, manzili bir-biriga yaqin, ya’ni bir ko‘chada yoki tibbiyot muassasalari atrofida joylashgan hamda kundalik xaridorlar oqimi deyarli bir xil bo‘lgan dorixonalarning savdo tushumi keskin nomutanosib, ya’ni bir dorixonaning oylik tushumi yirik miqdorni tashkil qiladi-yu, unga qo‘shni bo‘lgan boshqa bir dorixonada buning mutlaqo aksi.

Xususan, Samarqand shahrida 422 ta savdo nuqtasi mavjud bo‘lgan 273 ta dorixonaning 40 tasining bir oylik savdo tushumi 90 milliard so‘mni, ya’ni o‘rtacha 2 milliard 250 million so‘mni tashkil etgan. Ammo 233 ta yoki dorixonalarning 85 foizining hisob raqamiga atiga 7 milliard so‘m yoki jami dorixonlar tushumining 7 foizi kelib tushgan. Bu o‘rtacha 30 million so‘mni tashkil etganligi aniqlandi.

Tumanlarda faoliyat ko‘rsatayotgan dorixonalarda ham savdo hajmi yirik bo‘lsa-da, hisob raqamga kelib tushayotgan savdo tushumlari hajmi bunga mutanosib emasligi ma’lum bo‘lmoqda.

Dorixonalarda faoliyat ko‘rsatuvchi shaxslarning rasman ro‘yxatga olinishi va ularning daromadlari bo‘yicha byudjetga to‘lovlarning o‘tkazib borilishi borasidagi kamchiliklar ham masalaning yana bir muhim jihati hisoblanadi. Dorixonada amalda kamida 3-4  kishi (rahbarlar bilan birga) doimiy ish bilan band. O‘rganishlarda esa juda ko‘plab dorixonalarda yilning o‘tgan 10 oylik faoliyati davomida hisob raqamidan ish haqi xarajatlari amalga oshirilmagan. Ammo sohada faoliyat ko‘rsatayotgan biror bir xodim 10 oydan beri ish haqi berilmayotganligi haqida hech kimga murojaat qilmagan.

Mazkur tahlillar sohada faoliyat olib borayotgan bir qator tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan soliq bazasi yashirib kelinayotganini ko‘rsatadi. Vaholanki, karantin davrida juda ko‘plab soha va tarmoqlar faoliyati to‘liq yoki qisman to‘xtab qolgan bo‘lsa-da, dorixonalar faoliyatida bunday iqtisodiy qiyinchilik, savdo tushumi pasayib ketishi kuzatilmadi. Ushbu tadbirkorlik sub’yektlari savdo tushumlarining to‘liq hisob raqamlari orqali aylanishini ta’minlash, ishchi va xodimlarning bandligini rasman ta’minlab, ish haqi to‘lovlarini rasmiy ravishda to‘lab borishsa, byudjetga soliq va boshqa to‘lovlarni to‘lab borishsa, bu iqtisodiyot uchun ham, jamiyat uchun ham hamda korxonaning o‘zi uchun ham maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Markaziy bankning Samarqand viloyati bosh boshqarmasi axborot xizmati.