«Dorilarni birinchi qavatdagi dorixonadan oling!..»

Qishloqda yashaydigan bir tanishim davolanish maqsadida shaharga kelgan edi.

- Hali ko‘p bo‘lmadi, - dedi u. – Tumanimizdagi shifoxonada davolanib chiqdim. Afsuski, biror nafini sezmadim. Hozir borsam, yana o‘sha do‘xtir, o‘sha dorixona va bir qop doriga ro‘para qilishadi. Yaxshisi, biror xususiy klinikaga ko‘rinsam, degan niyatda kelgandim.

Davlat shifoxonasidan naf ko‘rmagan tanishim bilan shahardagi xususiy klinikalardan biriga bordik. Bosh shifokorga uchrashganimizda uch-to‘rtta "eshik"ka kirib, javoblari bilan oldiga kirishimizni aytdi. Bir nechta tekshiruvlardan so‘ng uning oldiga kirdik. Umumiy tavsiyalarini va ikkita varaqqa dorilar ro‘yxatini yozib berdi. Bemorni tekshirish davomida o‘zini ancha xotirjam tutgan shifokor dorilar ro‘yxatini bemorning qo‘liga tutqazar ekan, hukmrona ovozda: «Dorilarni birinchi qavatdagi dorixonadan oling!», dedi.

Uning gapirish ohangidan biz ham hushyor tortdik. Pastga tushib, dorixonada qo‘li-qo‘liga tegmay savdo qilayotgan kishiga tutqazdik. Hayron qoladigani u qog‘ozni qo‘liga oldi-yu, ammo dorilar ro‘yxatini oxirigacha ko‘rmadi ham. Chaqqonlik bilan peshtaxtadagi dorilarni olib, xaltaga joylay boshladi.

Shosha-pisha uni to‘xtatib qoldik.

- Aka, uzr, hozir tekshiruvlarga to‘lov qildik, pulimiz kamroq edi. Avval bir hisoblab bering, necha pul bo‘larkan? - dedim.

Uning hafsalasi pir bo‘ldi. Befarqlik bilan dorilarning o‘rtacha narxini chiqarib, ikki million so‘mdan ortiqroq bo‘lishini aytdi.

Biz bir-birimizga hayron tikildik. Nega buncha qimmat? 

Unga yana bir marta uzrimizni aytib, dorixonadan chiqdik. Mashinaga o‘tirib, oldimizdan chiqqan birinchi dorixonaga kirib, sotuvchiga dorilar ro‘yxatini berdik. U uzoq ko‘z yugurtirib, bular ichida faqat ikkitasi borligini aytdi. Ro‘yxatni olib, keyingi dorixonaga o‘tdik, unda ham shu ahvol. Shu ko‘chadagi turnaqator dorixonalarga bosh suqaverib holdan toydik. Oxiri shunga borib yetdiki, shahardagi barcha dorixonalarga kirib chiqishga majbur bo‘ldik. Yarim kun vaqtimiz dorixonalarda o‘tdi. Ammo ro‘yxatdagi dorilarning yarmi ham topilmadi. Uch-to‘rttasidan jamlab olishning ham imkoni yo‘q edi. Shifokor eng zarur dorilar mana shular degan ikki-uchtasi hech bir dorixonadan topilmadi.

Orada qaysidir dorixonada hali sohada tajribali ko‘rinmagan bir yosh yigit bu dorilarni qaysi shifoxonada yozgan bo‘lsa, o‘sha yerdan topishimiz mumkinligini aytgan edi. Ro‘yxatni qo‘limizga tutayotgandagi do‘xtirning gapi qulog‘im ostida jaranglayverdi: «Dorilarni birinchi qavatdagi dorixonadan oling!». 

Erta bilan o‘sha klinikaga bordik. Kechagi ro‘yxatga qaramasdan dorilar to‘plamini yig‘ib beradigan sotuvchi o‘tirgan edi. Hech narsa demasdan uning qo‘liga ro‘yxatni uzatdim. U bizga g‘olibona qaradiyu, ro‘yxatdagi dorilarni to‘plashga tutindi. Eng qizig‘i, kecha kun bo‘yi shahardagi haybatli, ikki-uch qavatli dorixonalardan topilmagan dorilar shu uchga-uch o‘lchamdagi kichik bir xonadan topildi.

Tanishim dorilar solingan qopchani qo‘liga olib, biroz xotirjam bo‘ldi. Ammo u butunlay umidsiz edi.

Sulaymon MARDIYeV.