Samarqanddagi hasharda 750 dan ziyod uy-joy ta’mirlanadi
Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz yilligi oldidan “Mahallalarni obodonlashtirish” oyligi doirasida bugun Samarqand viloyatida ham “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida umumxalq obodonlashtirish xayriya hashari o‘tkazilmoqda.
– Mahallalarni obodonlashtirish oyligi hamda bugungi umumxalq hasharida viloyatimizdagi mahallalar, aholi punktlari, ko‘p qavatli uylar, binolar, ziyoratgoh va qabristonlar, ariqlar hamda bolalar maydonchalarini tartibga keltirish, daraxtlarni oqlash va shakl berish, hududlarda sanitariya-gigiyenik dezinfeksiya ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi raisi Akbar Ahtamov. – Bundan tashqari, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, pensioner va yolg‘iz qariyalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarning uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ko‘maklashish, sanitariya-epidemiologik talablar asosida mahallalarda obodonlashtirish ishlarini o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda. Jumladan, bugun erta tongdan 560 ga yaqin qabriston va ziyoratgohlarda obodonlashtirish ishlari boshlandi. Mahallalarda 800 gektardan ortiq hudud tartibga keltirilib, obodonlashtiriladi.
Hashar doirasida viloyatdagi 750 dan ziyod yurtdoshimizning xonadonlari ta’mirlanadi. Buning uchun 190 million so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi. Shuningdek, 600 dan ziyod ehtiyojmand, 170 ga yaqin nogiron va yolg‘iz qariyalarga qariyb 180 million so‘mlik moddiy yordamlar ko‘rsatish rejalashtirilgan.