Samarqanddagi MDH davlatlarida yagona bo‘lgan kutish zali

Respublika kardiologiya ilmiy amaliy markazi viloyat bo‘limidagi kutish zali nafaqat O‘zbekiston, balki MDH davlatlari orasida ham yagona sanaladi.

To‘g‘ri, bu yerda bemorlarning yaqinlari uchun yaratilgan sharoit boshqa klinikalarda ham bo‘lishi mumkin. Ammo kardiologiya shifoxonasidagi bu zal o‘ziga xos qulayliklari bilan ham e’tiborli.

Xususan, zalda bolalar maydonchasi, wi-fi, ekran kabi zamonaviy qulayliklar mavjud.

- Bemorlarning yaqinlarini ham kutish jarayonida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish imkoni bor. Qolaversa, zalda vakuum kapsulalar tashkil etdik, - deydi Respublika kardiologiya ilmiy amaliy markazi viloyat bo‘limi bosh shifokori Xushnud  Nizomov. - Ushbu kapsulalar maxsus ekran va jihozlar bilan ta’minlangan bo‘lib, unda bemorning xavotirda bo‘lgan yaqinlari ekran orqali operatsiya jarayoni, bemor ahvolini kuzatib turishlari mumkin.

Ushbu jarayonlarni viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlari, blogerlar uchun tashkil etilgan press-tur davomida kuzatdik.

Keyingi manzil - Ishtixon tumani tibbiyot birlashmasidagi holat ham jurnalistlarning e’tiborini tortdi. Xususan, tuman tug‘ruq bo‘limi yonida tashkil etilgan kutish zalida ayolning yaqinlari uchun muhim xabarlar karnay orqali e’lon qilib borilar ekan. Ayolning yaqinlari chaqaloqning tug‘ilgani, jinsi, vazni va boshqa zarur ma’lumotlardan kutish zalining o‘zida xabardor etilmoqda.