Samarqanddagi shifoxonalar o‘z yo‘nalishi bo‘yicha faoliyatini boshladi
Koronavirus xastaligi tufayli viloyatdagi uchta shifoxona virus bilan xastalangan bemorlarni davolash bilan shug‘ullanayotgan edi. Ayni paytda ushbu shifoxonalar o‘z yo‘nalishidagi bemorlarni qabul qila boshladimi? Ular qachondan o‘z yo‘nalishi bo‘yicha ish boshlaydi?
Pandemiya davrida viloyatda jami 5 ta muassasalar, jumladan, viloyat kardiologiya dispanseri, yuqumli kasalliklar shifoxonasi, viloyat salomatlikni tiklash shifoxonasi, Samarqand meditsina institutining 2-klinikasi va viloyat nogironlar reabilitatsiya markazlarida kovid bilan zararlangan bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatilib kelingandi.
Endilikda 1080 o‘rinli taqsimlash markazi tashkil etilishi munosabati bilan mazkur muassasalarda tozalash ishlar olib borilib, o‘z faoliyati bo‘yicha ishlash uchun to‘liq imkoniyat yaratildi. Kecha viloyat yuqumli kasalliklar va Samarqand tumani hududida joylashgan viloyat salomatlikni tiklash shifoxonalari ham to‘liq dezinfeksiya ishlari tugatilib, o‘z faoliyatini boshladi.