Onkologiya shifoxonasi kengaytiriladi, yangi jihozlar beriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 may kuni Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga tashrifi chog‘ida onkologiya tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.

Yig‘ilish chog‘ida markaz hamda uning hududiy filiallari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, zamonaviy tibbiy uskunalar bilan ta’minlash, aholi o‘rtasida profilaktika tadbirlarini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Bu borada mutasaddilar oldiga aniq vazifalar qo‘yildi.

– Davlatimiz rahbari onkologik kasalliklarni erta aniqlash maqsadida mobil brigadalar tuzib, xavf guruhiga kiruvchi aholi uchun profilaktik ko‘riklar o‘tkazish zarurligini ta’kidladilar, –  deydi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali direktori o‘rinbosari Dilshod Rahmatov. – Buning uchun har bir hududga, jumladan, filialimizga ham mobil mammograf va pozitron-emission tomograf yetkazib beriladigan bo‘ldi. Bu saratonni erta aniqlash va davolashda juda samarali yo‘l hisoblanadi. Yig‘ilishda viloyatimiz hokimi E.Turdimov filial moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, bemorlar uchun qulaylik yaratish maqsadida muassasani kengaytirish, shuningdek, viloyatda gemotologiya markazi tashkil etish takliflarini bildirdi. Bu takliflar Prezidentimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Bizga muassasamiz yaqinidagi 3-son tug‘ruq majmuasi bino va inshootlari berilishi ko‘zda tutilgan. Bu ishlar amalga oshsa, viloyatimizda onkologik va gemotologik kasalliklarni erta aniqlash va samarali davolash imkoniyatlari yana ham kengayadi.

Shuningdek, shu kuni viloyat hokimi E.Turdimov soha mas’ullari bilan birga Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filialida bo‘lib, muassasa faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Shifokorlar va bemorlar bilan suhbatlashib, ularning fikrlarini eshitdi. Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi.