Samarqanddagi “Sino” muzlatkichlar ishlab chiqarish zavodi kimga berilgan?

Samarqand viloyatida 96 ta davlat aktivi 167,3 milliard so‘mga savdoga chiqarilib, 72 ta ob’yekt 76,1 milliard so‘mga, 2,5 trillion so‘m investitsiya kiritish va 2 ming 529 ta yangi ish o‘rinlarini yaratish sharti bilan sotilgan.
Xususan, “Afrosiyob Palas” DUK mulkiy majmuasi 27 milliard so‘mga savdoga chiqarilib, elektron auksion savdolarida 43,3 milliard so‘mga 4 yulduzli mehmonxona faoliyatini tashkil etish hamda 100 ta ish o‘rni yaratish sharti bilan sotilgan.
“O‘zqishloqelektrqurilish” AJ ustav fondidagi 34,9 foiz davlat aksiya paketlari birja savdolarida 20 milliard so‘mga sotildi.
Shuningdek, “Sino” muzlatgichlar ishlab chiqarish zavodida 600 nafardan ko‘proq ishchi xodimlar faoliyat yuritgan. Inqirozga uchrab bankrotlik holatiga kelib qolgandan so‘ng investitsiya jalb etish maqsadida Hukumat qaroriga asosan korxona ustav fondidagi 88,8 foiz davlat aksiyalari paketi “nol” qiymati bo‘yicha tanlov asosida investor “SAXARI” MChJga berilgan.
Shartnomaga asosan kreditorlar oldidagi barcha qarzdorliklarini belgilangan tartibda kelishilgan muddatlarda to‘lash, 2022 yilning 21 avgustiga qadar ob’yektda maishiy texnikalar ishlab chiqarish faoliyatini tashkil etish orqali 30 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritish hamda 1 ming 250 ta yangi ish o‘rinlari yaratish majburiyati yuklatilgan.
Bugungi kunda investor tomonidan korxona bino va inshootlari qayta rekonstruksiya qilinmoqda. Bundan tashqari, qiymati 2,1 million AQSh dollarilik asbob-uskunalar va 269 ming AQSh dollarlik xom ashyo materiallari olib kelingan.