Samarqanddagi yirik xalqaro to‘qimachilik konferensiyasi o‘z ishini boshladi
8-10 sentyabr kunlari Samarqandda dunyodagi ikkita yirik to‘qimachilik assotsiatsiyasining birinchi qo‘shma konferensiyasi — “ITMF Annual Conference & IAF World Fashion Convention 2024” (xalqaro to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilar Federatsiyasining yillik konferensiyasi va xalqaro kiyim ishlab chiqaruvchilar assotsiatsiyasining jahon moda konvensiyasi) o‘tkazilishi rejalashtirilgani haqida xabar bergan edik.
Ayni paytda mazkur nufuzli tadbir o‘z ishini boshladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbir ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev o‘qib eshittirdi.
Shundan so‘ng viloyat hokimi Erkinjon Turdimov so‘zga chiqib, bunday nufuzli tadbir viloyatimizda o‘tkazilayotgani samarqandliklar uchun sharaf ekanligini aytdi. Keyingi 5 yil ichida Samarqandda tayyorlangan tekstil mahsulotlari eksporti 2,5 baravarga oshganligini ta’kidladi.
“Innovatsiya, hamkorlik va tartibga solish — to‘qimachilik sanoati va tekstil sohasini harakatlantiruvchi kuchlari” tadbiri “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.
Unda 500 dan ortiq soha mutaxassislari, yirik xalqaro to‘qimachilik kompaniyalari, brendlar, moliya institutlari va chakana savdo vakillari ishtirok etmoqda.
Ikki kun davomida rasmiy biznes dasturi doirasida konferensiya ishtirokchilari sanoatning eng dolzarb masalalari va muammolarini muhokama qiladi.