Samarqandlik bokschi qizlar O‘zbekiston kubogi sohibi

Urganch shahrida boks bo‘yicha o‘smir (U-14-15) va yosh qizlar (U-16-17) o‘rtasida O‘zbekiston kubogi bahslari bo‘lib o‘tdi.

Bokschi qizlar o‘rtasida bir hafta davom etgan shiddatli janglarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlardan kelganlar 15 ta vazn toifasida g‘oliblik uchun bahs olib bordi.

Musobaqada umumjamoa hisobida Samarqand viloyati bokschi qizlar jamoasi 6 ta oltin, 1 ta kumush va 7 bronza medallarini qo‘lga kiritgan holda mamlakat kubogi sohibi bo‘ldi.

***

Viloyatimiz kurashchilari O‘zbekiston chempionatida to‘rtta medalni qo‘lga kiritdi

Kurash bo‘yicha yoshlar ( U-17 o‘g‘il va qiz bolalar) o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bo‘ib o‘tdi. Sirdaryoda o‘tkazilgan musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 400 nafardan ortiq kurashchilar mamlakat chempionligi uchun bellashdi.

Vakillarimiz musobaqada 2 ta oltin va 2 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi:
1-o‘rinni Chingiz Muhammadiyev (50 kg) , Haydar O‘roqboyev (55 kg), 3-o‘rinni Ramazon Toshpo‘latov (55 kg), Muhammadamin Qo‘chqorov (46 kg) qo‘lga kiritdi.
Mazkur chempionat 2025 yil Bahraynda o‘tkaziladigan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlariga munosib nomzodlarni saralab olish imkonini berdi.

“Universiada-2024” g‘oliblari aniqlandi
Samarqand shahrida oliy ta’lim muassasalari talabalarining “Universiada-2024” sport musobaqalarining shaxmat va shashka turlari bo‘yicha final bosqichi yakunlandi.

Natijalarga ko‘ra, shashka bo‘yicha qizlar o‘rtasida sirdaryolik Malika Nodirqulova, o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bahsda Toshkent shahridan O‘rmonaliyev Ozodbek birinchi o‘rinni egalladi.
Shaxmat bo‘yicha qizlar va yigitlar bahsida toshkentlik Maftuna Bobomurodova hamda Davron Sharipovga teng keladigani topilmadi.

***

Basketbol va voleybol bo‘yicha viloyat birinchiligida kuchlilar g‘olib bo‘ldi
2012-2013 yillarda tug‘ilgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida sportning basketbol turi bo‘yicha viloyat birinchiligi o‘tkazildi.
Samarqand shahridagi Sportning o‘yin turlari va yengil atletika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sport maktabida tashkil etilgan musobaqada tuman (shahar)lardan 24 jamoadan iborat 300 nafarga yaqin yoshlar g‘oliblik uchun bellashdi.

Musobaqada umumjamoa hisobida Samarqand shahar yoshlari g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Oqdaryo tuman sport maktabida esa 2009-2011 yillarda tug‘ilgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida voleybol bo‘yicha musobaqalar bo‘lib o‘tdi.
Unda 25 jamoadan iborat 330 nafar ishtirokchi viloyat birinchiligi uchun bahs olib bordi. Musobaqa natijasiga ko‘ra, o‘g‘il bolalar o‘rtasida bulung‘urlik yoshlar, qizlar o‘rtasida nurobodlik yoshlar jamoasi g‘olib bo‘ldi.

***

“Prokuror kubogi”: Kattaqo‘rg‘on shahar jamoasi erkin kurash bo‘yicha ochiq turnir g‘olibi
Sportning erkin kurash turi bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida “Prokuror kubogi” ochiq turniri bo‘lib o‘tdi. Kattaqo‘rgon shahri mezmoblik qilgan musobaqada Kattaqo‘rg‘on va Samarqand shahri, Kattaqo‘rg‘on, Toyloq tumani hamda Navoiy va Xorazm viloyatidan sportchi o‘smirlar ishtirok etdi.
Musobaqa yakuniga ko‘ra, jamoaviy hisobda faxrli 1-o‘rinni Kattaqo‘rg‘on shahar jamoasi qo‘lga kiritdi.

Bekzod AHMEDOV.