Samarqandlik deputatlar noqonuniy qurilishlar bo‘yicha soha mas’ullari va prokurorni eshitadi

Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining o‘ttizinchi sessiyasida deputat Aziz Ahrorov navbatdagi sessiyada qurilish sohasi mas’ullarining hisobotini eshitish taklifini bildirdi.

 - Nazarimda, qurilish, ayniqsa, xususiy ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi borasida noqonuniy ishlar ko‘payib boryapti, - dedi Aziz Ahrorov. – Masalan, deputat Badriddin Nasriyev saylov okrugidagi noqonuniy qurilayotgan ko‘p qavatli uy bo‘yicha deputat so‘rovi yubordi va OAVda chiqish qildi.

Biroq buzib tashlasin, demayman, ammo noqonuniy qurilmani soha mutasaddilari, hatto prokuratura ham to‘xtatolmayapti, shekilli.

Xuddi shunga o‘xshash holat Samarqand shahrining yana bir hududi – Minsk ko‘chasida kuzatilyapti.

Bitta narsani to‘g‘ri tushunishimiz kerak, ertaga mulkiy da’vo paydo bo‘lsa to‘lov mahalliy byudjetdan amalga oshiriladi. Ya’ni, odamlarimiz "yemagan somsaga pul to‘lashlari"ga to‘g‘ri keladi.

Taklifim – tizim mutasaddilari va tegishli huquq-tartibot organlari sessiyada hisobot bersin: nima uchun deputat so‘roviga bunday munosabatda bo‘linyapti? Nega noqonuniy qurilishni to‘xtatishga prokurorning ham kuchi yetmayapti?

A.Ahrorovning taklifi bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi.