Samarqandlik haydovchining avtomashina oynalarini qoraytirganlik bo‘yicha ruxsatnomani soxtalashtirgani aniqlandi
Transport vositalari haydovchilari va yo‘lovchilar, shu jumladan, respublika hududiga tashrif buyuradigan turistlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 iyulda “Tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali yengil avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq yengil avtomobillarning orqa, yon oynalari tusining yorug‘lik o‘tkazuvchanligi cheklanmagan darajada, old yon oynalarining yorug‘lik o‘tkazuvchanligi 50 foizdan kam bo‘lmagan darajada qoraytirish belgilandi.
Shuningdek, turistik yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashish faoliyatini amalga oshiruvchi avtobus, mikroavtobus va minivenlar yon oynalarining tusining yorug‘lik o‘tkazuvchanligi 50 foizdan kam bo‘lmagan darajada o‘zgartirish (qoraytirish) tasdiqlangan davlat standarti bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan 1 yil muddatga beriladigan ruxsatnomaga asosan amalga oshirish mumkinligi qayd etildi.
Hukumatimiz tomonidan yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlardan unumli foydalanish nuqtai nazaridan fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi Qonunlarini hurmat qilgan holda, 2019 yil 5 avgustdan yil yakuniga qadar Samarqand viloyati bo‘yicha jami 2877 ta transport vositalari egalariga belgilangan to‘lovlarni amalga oshirib, transport vositalarining oynalari tusini o‘zgartirish (qoraytirish) uchun maxsus ruxsatnomalar berilgan.
Shunga qaramasdan, ayrim fuqarolarimiz O‘zbekiston Respublikasi Qonunlarini mensimagan holda, ruxsatsiz, o‘zboshimchalik bilan noqonuniy ravishda transport vositalarining oynalari tusini o‘zgartirish (qoraytirish) hamda maxsus ruxsatnomalarni soxtalashtirish kabi qonunbuzilish holatlarini sodir etmoqda.
Jumladan, Samarqand viloyati IIB YHXB tomonidan olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida 2019 yil 29 dekabr kuni soat 15:30 larda Samarqand shahar Rudakiy ko‘chasida xizmat olib borayotgan YPX inspektori, katta serjant A.Rofeyev tomonidan jezl va hushtak yordamida haydovchi X.N. boshqaruvida bo‘lgan “Lasetti” rusumli, 30 V 077 MA davlat raqam belgili avtotransport vositasi to‘xtatilib, hujjatlari ko‘zdan kechirilganda, avtotransport vositasining oynalarini tusini o‘zgartirishga ruxsat beruvchi AA seriyali 0048310 raqamli ruxsatnoma soxtaligiga shubha uyg‘otgan, olib borilgan dastlabki surishtiruv jarayonida AA seriyali 0048310 raqamli ruxsatnoma “Nexia-3” rusumli davlat raqam belgisi 30 341 VVA bo‘lgan avtomashinaga berilgan bo‘lib, haydovchi X.N. ushbu ruxsatnomani nusxa ko‘chirish yo‘li bilan soxtalashtirganligiga iqror bo‘lgan.
Haydovchining harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi JKning 228-moddasida ko‘rsatilgan jinoyat alomatlari mavjudligi sababli unga nisbatan to‘plangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilishlik uchun Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB tergov bo‘limiga yuborilgan bo‘lib, holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Samarqand viloyati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmati.