YPX xodimlarining qonuniy talabiga bo‘ysunmagan haydovchining avtomashinasi jarima maydonchasiga joylashtirildi

Kecha, 19 sentyabr kuni soat 07:35 larda Samarqand tumani U.Samiyeva ko‘chasida qora rangli, VAZ-2108 rusumli, davlat raqam belgisiz transport vositasi haydovchisi shu ko‘chada xizmat olib borayotgan YPX ispektorining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan, keskin harakatlar bilan, qochib ketgan.

Zudlik bilan huquqbuzarni ushlash choralari ko‘rilib, transport vositasi to‘xtatilgan. Mashina ko‘zdan kechirilganda, transport vositasini qayd etuvchi me’yoriy hujjatlari yo‘qligi, davlat raqam belgisini o‘zboshimchalik bilan yechib olinganligi, oyna tuslarini ruxsatnomasiz qoraytirganligi, Nexia-2 rusumli transport vositasiga tegishli bo‘lgan dvigatel va turbo kompressor o‘rnatib olganligi, ovoz so‘ndirgich qismiga o‘zgartirish kiritganligi aniqlanib, haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Avtomashina vaqtinchalik saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

Viloyat IIB xabariga ko‘ra, hozirda haydovchiga nisbatan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.