Samarqandlik hokim o‘rinbosarlari Rossiya korxonalari bilan shartnomalar imzoladi

Ayni kunlarda viloyat hokimining o‘rinbosari O.Xodjayev boshchiligidagi Samarqand shahar, Paxtachi va Nurobod tumanlari hokimlarining o‘rinbosarlari, investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limlari boshliqlari hamda tadbirkorlardan iborat delegatsiya Rossiya Federatsiyasida bo‘lib turibdi.

Dastlabki tashrifni Saratov viloyatidan boshlagan vakillarimiz viloyat raisining birinchi o‘rinbosari V.Oykin, mas’ul tashkilotlar rahbarlari hamda tadbirkorlar bilan uchrashuvdan boshladi.

Muzokaralar davomida ikki tomonlama ijtimoiy-iqtisodiy aloqalarni, jumladan, tashqi savdo hamda viloyatimiz sanoatiga investitsiyalar kiritish borasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. Ishtirokchilarga Samarqand viloyatining investitsiya, eksport va turizm salohiyati haqida ma’lumotlar berildi.

Yakunda Saratov viloyati Savdo-sanoat palatasi ittifoqi bilan O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi hududlararo hamkorlik Forumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha memorandum imzolandi. Saratov viloyati hukumati bilan hududda qurilayotgan yangi logistika-savdo majmuasida samarqandlik tadbirkorlar uchun alohida savdo uyini tashkil etish, mahsulot eksporti uchun zarur sharoitlarni yaratish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Delegatsiyamiz a’zolari Saratovdagi “Renova” kompaniyalar guruhiga kiruvchi “Aeroporti regionov” kompaniyasi tomonidan qurilgan “Gagarin” xalqaro aeroportida bo‘lib, unda yo‘lovchilarga yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi.

 

Moskva shahridagi mahalliy tadbirkorlar va ishbilarmonlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda “Logistika” MChJ hamda logistik-saqlash xizmatlarini ko‘rsatuvchi “Chetire sezona” korxonasi bilan viloyatimizdan meva-sabzavot, dukkakli va poliz ekanlarini eksport qilish, Moskva shahridagi “Renova” kompaniyalari boshqaruv guruhi bilan quyosh energetikasi, qurilish, turizm, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarini rivojlantirishda hamkorlik qilishga kelishib olindi.

“Skolkovo” innovatsiya markazida bo‘lgan delegatsiyamiz Skolkovo ilmiy-texnologiyalar instituti, Moskva xalqaro meditsina klasteri hamda “HADASSAH” tibbiyot markazi faoliyati bilan tanishdi. Mazkur tashkilot rahbarlari bilan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Tashrif davomida Samarqand shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan “Sifobaxsh Sifat Mahsulotlari” MChJ va Moskvaning “Saturn” MChJ TK o‘rtasida xalq iste’moli tovarlarini eksport qilish bo‘yicha 200 million rubllik hamda “DAKA-INTEX”  MChJ  va “Beloye solnse” MChJ o‘rtasida trikotaj mahsulotlari eksport qilish bo‘yicha 2 million dollarlik shartnomalar imzolandi.

Samarqand shahar hokimligi axborot xizmati.