Samarqandlik oshpazlar xalqaro oshpaz unvoni va diplomi bilan taqdirlandi
Joriy yilning 7-9 fevral kunlari Samarqanddagi mehmonxonalarda oshpazlar uchun malaka oshirish kurslari o‘tkazildi. “Registon Plaza” mehmonxonasida boshlangan kurs “DiliMah Premium Luxury” mehmonxonasida yakuniga yetkazildi.
Tashkil etilgan kurs “O‘zbekiston Oshpazlar uyushmasi” bosh texnologi Tolibjon Umaraliyev hamda Indoneziyada “Halol” tizimida tajriba orttirib kelgan xalqaro toifadagi bosh oshpaz, trener Ahmadjon Hamdamovlar moderatorligida o‘tkazildi.
Tashkil etilgan kurslarda ishtirokchilar halol standartlari asosida ish tajribasiga ega bo‘lish bilan bir qatorda, oshpazlik yo‘nalishida olgan bilimlarini amaliyotda sinab ko‘rishdi.
Ushbu malaka oshirish kurslari kelgusida viloyatimizga ziyorat turizmi yo‘nalishi bo‘yicha tashrif buyuruvchi ziyoratchilarga sifatli xizmat ko‘rsatishni yanada rivojlantirish maqsadida tashkil etildi.
Shuningdek, kursdagi mahorat darslari yakunida kurs tashkilotchilari tomonidan “Xan Atlas”, “Grand Nazar”, “Royal Hall”, “Zilol Baxt” va “DiliMah Premium Luxury” mehmonxonalarining oshpazlariga 3-darajali xalqaro oshpaz unvoni va diplomi berildi.