Samarqandlik O‘zbekiston chempionlari Tailandga boradi
Toshkent shahrida yunon-rum kurashi bo‘yicha yoshlar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi g‘oliblari aniqlandi. Unda mamlakatimizning barcha viloyat va shaharlaridan kelgan 160 dan ortiq sportchi sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib borishdi.
Samarqand davlat universiteti talabasi Doniyorxon Naqibov 67 kilogramm vazn toifasida barcha raqiblarni yengib, finalda andijonlik A.Aliyev ustidan 6:4 hisobida g‘alaba qozondi va shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
Shuningdek, 87 kilogramm vaznda Sh.Jo‘raboyev (Bulung‘ur tumani) hamda 130 kilogramm vaznda T.Nasimov (Oqdaryo tumani) oltin, Q.Toshnazarov, H.Eshnazarovlar o‘z vazn toifalarida kumush, M.Suyunov (barchasi Oqdaryo tumanidan) esa bronza medallariga sazovor bo‘ldi.
Ushbu musobaqada viloyatimiz terma jamoasi 3 ta oltin, 2 ta kumush va bitta bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Musobaqa g‘oliblari mamlakat milliy terma jamoasi tarkibida shu yilning iyul oyida Tailand davlatida o‘tadigan Osiyo, avgust oyida Rossiyaning Qozon shahrida bo‘ladigan jahon chempionatlarida ishtirok etadi.
Jaxbar Jabborov,
Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi.