Samarqandda yunon-rum kurashi qanday rivojlanmoqda?
Dastlab kurashning bu turi tarixi haqida qisqacha to‘xtalsak.
Qadimda XIII-XIX asrlarda Evropada, ayniqsa, Fransiyada kurashga qiziqish rivojlana boshlagan. Odamlar asosan sirklarda va yarmarkalarda o‘z san’atlarini namoyish qilishgan. Asta-sekin kurashchilar o‘rtasida shaxsiy birinchiliklar, Fransiya shaharlararo musobaqasi, keyinchalik esa jahon chempionatlari o‘tkazila boshlangan.
Shu tariqa bu sport turi xalqaro maydonda tanila boshladi. Bu kurash turi Evropaning deyarli hamma davlatlarida “fransuzcha kurash” nomi bilan keng tarqaldi. Kurashning qadimgi Yunoniston, qadimgi Rimda rivojlanganligini hisobga olgan holda fransuzcha kurashga “yunon-rum” kurashi nomi berildi.
1896 yildagi birinchi zamonaviy Olimpiya o‘yinlari dasturiga kurash ham kiritilgan. 1898 yildan boshlab yunon-rum kurashi bo‘yicha Yevropa chempionati, 1904 yildan esa jahon chempionati o‘tkazib kelinadi. 1912 yilda havaskorlar o‘rtasida kurash musobaqalarini kuzatish va o‘tkazish bo‘yicha Xalqaro qo‘mita tuzilib, qo‘mita erkin va yunon-rum kurashi turlarini rivojlantirish maqsadida tuzilgan va faoliyatini boshlagan. 1921 yilda mazkur qo‘mita Xalqaro havaskorlar kurash federatsiyasiga aylantirildi. U 2014 yildan United World Wrestling (UWW) ga aylantirildi va hozirda shu nom ostida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Sovet ittifoqi davrida o‘zbek kurash maktabi tarbiyalanuvchilari xalqaro maydonda katta yutuqlarga erishdi. Rustam Kazakov 1972 yildagi Olimpiya o‘yinlari va 1969 yildagi jahon chempionatida g‘alaba qozongan. Kamil Fatkulin jahon chempionatlarining ko‘p marta sovrindori bo‘lgan.
Mustaqillikka qadar Samarqand viloyatida bor-yo‘g‘i bitta yunon rum kurashiga ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari kolleji faoliyat yuritgan bo‘lsa, mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng bu sport turiga e’tibor yanada ortib, 2005 yilda Toyloq olimpiya zaxiralari kollejida yunon-rum kurashi bo‘limi tashkil etildi.
2005 yildan 2020 yilgacha 1 ta jahon chempioni, 1 ta jahon va Osiyo chempionati sovrindorlari, 100 dan ortiq O‘zbekiston chempionlari, 50 dan ortiq sport ustasi, 10 dan ortiq xalqaro toifadagi sport ustasi aynan Toyloq olimpiya zaxiralari kollejida yetishib chiqqan. Hozirgi kunda O‘zbekiston terma jamoasida 10 nafar samarqandlik sportchi shug‘ullanib kelmoqda.
2004 yilda Afinada bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida Aleksandr Doktorashvili O‘zbekiston sharafini himoya qilib, Olimpiya o‘yinlari chempionligini qo‘lga kiritdi. Dilshod Aripov 2001 yilda jahon chempioni hamda dunyoning eng yaxshi yunon-rum kurashchisi deb tan olindi. Elmurat Tasmuradov “Rio-2016” olimpiadasida bronza medalini qo‘lga kiritdi. U besh karra Osiyo chempioni, shuningdek, jahon chempionatlari sovrindori bo‘ldi. Rustam Assakalov Osiyo o‘yinlari g‘olibi, Osiyo chempioni bo‘ldi. Yuriy Vitt, Bahodir Qurbonovlardek jahon chempionlari ham bo‘lgan.
Bu yil Yaponiyaning Tokio shahrida o‘tkazilgan Olimpiya o‘yinlarida 130 kilogramm vaznda bulung‘urlik Mo‘minjon Abdullayev ishtirok etdi. U ilk uchrashuvini Artur Vittinga qarshi bahs olib bordi va raqibini ilk raundning o‘zida 31 soniyada 8:0 hisobida mag‘lub etdi. Ammo chorak finalda Chili vakili Yasmani Fernandesga yutqazib qo‘ydi. M.Abdullayevning bu ishtirokini ham e’tirof etsak arziydi, zero, Olimpiadaga borishning o‘ziyoq katta muvaffaqiyat degani.
Sportning aynan shu turi bilan bog‘liq statistikaga to‘xtaladigan bo‘lsak, Samarqand viloyatida bugungi kunda 65 nafar murabbiy, 3120 nafar sportchi yunon-rum kurashi bilan shug‘ullanadi. Viloyat bo‘yicha jami 130 ta yunon-rum kurashi to‘garaklari faoliyat olib bormoqda.
Joriy yilda sportning yunon-rum kurash turi bo‘yicha katta yutuqlarni qo‘lga kiritdik. Masalan, 2021 yil 8 oyi davomida viloyat sportchilari respublika musobaqalarida 13 ta oltin, 12 ta kumush, 8 ta bronza, xalqaro sport musobaqalarida 2 ta oltin, 2 ta kumush, 3 ta bronza, Osiyo chempionati va kubogida 1 ta oltin, jahon chempionati va kubogida 1 ta kumush kabi jami 42 ta medalni qo‘lga kiritdi.
O‘zbekiston terma jamoasi tarkibiga Samarqanddan 8 nafar sportchi asosiy va 9 nafar sportchi zahira tarkibiga olingan.
Sohada albatta yutuqlar bilan birga kamchiliklar ham yo‘q emas. Masalan, viloyatda yunon-rum kurashi bo‘yicha ishlaydigan 65 nafar murabbiyning 2 nafari (Paxtachi va Samarqand tumanlari) tomonidan umuman natija ko‘rsatilmagan.
Kattaqo‘rg‘on shahar, Narpay, Qo‘shrabot va Jomboy tumanlarida yunon-rum kurashi bo‘yicha sport to‘garaklari tashkil etilmagan. Bu esa yuqorida qayd etilgan tumanlarda sportchilarga boshqa bir tumanga qatnab shug‘ullanishda biroz qiyinchilik tug‘dirmoqda. Boshqarmamiz albatta yaqin kelajakda ushbu muammolarga yechim topib, chempionlar soni yanada ortishiga harakat qiladi.
Kelgusidagi rejalarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2021 yil 16 avgust kuni Rossiyaning Ufa shahrida yoshlar o‘rtasida o‘tkaziladigan jahon chempionatiga 3 nafar samarqandlik sportchini, shu yilning sentyabr oyida Qirg‘izistoning Bishkek shahrida o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempionatida 5 nafar sportchi yurtimiz sharafini himoya qilishi kutilmoqda.
2024 yil Fransiyada bo‘lib o‘tadigan xalqaro Olimpiyada o‘yinlariga 4 nafar sportchini, 2025 yilda O‘zbekistonda o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan o‘smirlar o‘rtasida bo‘ladigan sport o‘yinlarida 5 nafar sporchi yunon-rum kurashi bo‘yicha faqat Samarqand viloyatidan qatnashishlari kutilmoqda.
Shuhrat Ro‘ziyev,
viloyat turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.