Bugunning gapi

Ijtimoiy tarmoqlar avj ola boshlagach, odamlar avvaliga o‘z suratini, so‘ngra do‘stlari, oilasi davrasida tushgan suratlarini joylay boshlashdi. Keyin esa qaysi restoranda ovqatlangani, qanday taom yeganini maqtaydigan bo‘ldi.

Inson tabiatida maqtanchoqlik xususiyati bor, u doim yaqinlariga turmush tarzida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni bildirib turishni yaxshi ko‘radi. Mana shu maqtanchoqlik ijtimoiy tarmoqlarga ko‘chgach, “layk”larga quvongan ayrim odamlar chet elda dam olayotgani yoki yangi avtomashina sotib olganini ko‘rsata boshladi.

Ayniqsa, san’atkorlar shaxsiy hayotini maqtab, odamlar tiliga tushdi. Masalan, bir san’atkor qizimiz turmushga chiqqach, kuyov unga yashayotgan uyining ikkinchi qavatini to‘ldirib kiyim-kechak, taqinchoq, sumka va boshqa narsalar sovg‘a qilganini videoga olib tarqatdi. Tasavvur qilyapsizmi, ikkinchi qavatdagi barcha xonalar kiyim-kechakli garderob. Buning ortidan qancha oilada janjal bo‘lganini taxmin qilavering.

Mayli, san’atkor qizimiz baxtli bo‘lsin, ammo shaxsiy hayotni odamlarga ko‘z-ko‘zlash yaxshi emas. Hatto ota-bobolarimiz beva ayollarning ko‘ngli o‘ksimasin, deb o‘z jufti bilan ko‘chada yonma-yon yurmagan. Masalaning ikkinchi tomoni, avvalo, inson o‘zini har qanday yomonliklardan asramog‘i kerak. Ko‘z tegishi degan gap ham bekorga aytilmagan. Lekin bizning bugungi san’atkorlarimiz turmush o‘rtog‘iga qanaqa mashina sovg‘a qilgani yoki aksincha turmush o‘rtog‘i tug‘ilgan kuniga nima sovg‘a qilganini hammaga maqtashdan tiyila olmayapti.

Keyingi paytlarda shaxsiy hayotini ko‘z-ko‘zlash ortidan ayrimlar asl hayotdan uzoq axborotlar ham tarqatadigan bo‘ldi. Bu haqda turli roliklar ham olina boshladi. Yaqinda shunday lavhalardan birini ko‘rib qoldim. Uning boshlanish ssenariysi quyidagicha:

Shohona uyning ikkinchi qavatidan yosh juvon telefonda dugonasi bilan gaplashib pastga tushyapti. “Bo‘pti, dugon, erim ishdan keldi, kutib olmasam ming‘irlaydi”, deb telefonni o‘chirdi. Ayol erini xushlamaygina kutib oldi.

- Nima bo‘ldi senga, kayfiyating yo‘q? – deb so‘radi er.

- Bugun dugonalarim bilan o‘tirgandim, hammasida falon mashina (mashinasining nomi esimda qolmadi). Men bechorada bo‘lsa Kia. (Endi gapning zo‘r joyini eshiting) Men sizning cho‘ringizmanmi, qachongacha Kiada yuraman?

Er bechora nima deyapti deng: “Sabr qil, yaqinda olib beraman, aytgan mashinangni”.

Bunday lavhalarni ko‘rganlar qachondan beri hayot bu qadar shohona bo‘lib ketibdi, demaydimi? Desa ham mayli, bunday roliklarga ishonayotganlar qancha? Yaqinda bir kishi intervyu beryapti.

- Yoshim 52 da. Ayolim ijtimoiy tarmoqlardagi to‘kin hayotni ko‘rib, men bilan ajrashyapti. Uning fikricha, hamma zo‘r yashayotgan emish. Endi men nima qilay?

Mana shaxsiy hayotni ko‘z-ko‘z qilish, uni bo‘rttirib ko‘rsatish qanday oqibatlarga olib keladi. Avvallari 40-50 yoshda ajrashishlar deyarli kuzatilmasdi. Yoshlar kelisha olmasa 3-5 yilda ajrashib ketardi. Ammo, bolalari ulg‘ayib, oila qurgan bo‘lsa, bunday oilalarda ajrimlar bo‘lmasdi. Endi esa yoshi katta er-xotinlar ham arzimas narsaga ajrashib ketyapti.

Milliy statistika qo‘mitasining xabariga ko‘ra, O‘zbekistonda joriy yilning olti oyi davomida nikohdan o‘tganlar soni kamayib, ajrimlar soni ko‘paygan. 

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning yanvar-iyun oylarida qayd etilgan nikohlar soni 95,3 mingtani tashkil etgan. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan ularning soni 2,1 mingtaga kamaygan.

Shu bilan birga, ilk yarim yillikda 23,3 ming er-xotin ajrashgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 0,8 mingtaga ko‘p degani. Ajralishlarning aksariyati shaharlarda qayd etilgan. 14,1 ming er-xotin (60,6 foiz) shaharda, 9,2 ming juftlik qishloq joylarda ajrashgan (39,4 foiz).

Hududlar kesimida eng ko‘p nikohdan ajrashish holati Toshkent shahrida (1,5 ming) kuzatilgan. Nikohdan ajralish bo‘yicha eng past ko‘rsatkich (310 ta) Navoiy viloyatida qayd etilgan.

Instagram yolg‘ondan iborat

San’atkorlar hayoti o‘z yo‘liga, ammo ularga ko‘proq yoshlar taqlid qiladi. Hatto arang arzon lapsha yeb yurgan talabalar ham o‘z profiliga shunday surat va videolar joylaydiki, ishonmasdan ilojingiz yo‘q.

- Kursdoshlarimizdan biri tug‘ilgan kuniga gul sovg‘a olsa, guruhimizdagi barcha qizlar o‘sha gul bilan suratga tushadi va uni instagramga joylaydi, - deydi talaba yigitlardan biri. – Bu hol har safar takrorlanadi. Chetdan bilmagan odam bu qiz yigitidan tez-tez gul olib turar ekan, deb o‘ylaydi. Buni faqat biz kursdoshlar bilamiz. Qizlar atayin boshqa dugonalariga maqtanish uchun shunday qiladi.

- Qizning sevgan yigiti bo‘lsa-chi, unga nima deydi? – deb so‘radim talabadan.

- Yigiti so‘rasa, naq baloga qoladi. Siz gul olib bermaganingiz uchun dugonamning gulini olib suratga tushdim, deydi. Shuning uchun yigiti suratga indamaygina “layk” bosib qo‘yadi. Instagram – yolg‘on hayot degani.

Oramizda mana shunday yolg‘on hayot domiga tushib qolayotganlar ko‘payib bormoqda. Ayniqsa, instagram tarmog‘i shaxsiy hayotni, to‘kin, dabdabali turmushni reklama qilyapti. Kimdir o‘zida borini, kimdir yo‘g‘ini ijtimoiy tarmoqqa joylash bilan ovora.

Asl hayotini ko‘rsangiz hammasi boshqacha. Achinarlisi, ijtimoiy tarmoqqa bog‘lanib qolganlar o‘zidagi bor baxtni his qilmay qo‘yayotganidir. Instagramga kirmasimdan oldin baxtli edim, deydiganlar ham uchrab turibdi. Aslida o‘sha bekamu-ko‘st hayotini maqtaydiganlarda baxt, xotirjamlik yo‘q. Masalan, badavlat tanishlarimdan biri yaqinda turmushidagi muammolarini aytib berdi. Rosti, achinib ketdim. O‘sha ayolning instagramdagi to‘kis hayotiga havas qilib yurganlar unda shuncha muammo borligini bilmaydi. Shuning uchun ham ijtimoiy tarmoqdagi hamma narsaga ham ishonavermaslik kerak.

O‘zini juda nochor his qilayotganlar, ijtimoiy tarmoqlardagi dabdabali hayotga aldanib, o‘z baxtini boy berayotganlar shuni tushunib yetishlarini istardimki, sizning bu dunyoda yashayotganingiz baxt. Baxt boylikda emas, baxt – qanoatda. O‘qing, o‘rganing, izlaning, o‘z hayotingizda yashang. Mayli, yutuqlaringiz bo‘lsa, ularni do‘stlaringizga ulashing. Diplom, sertifikat olsangiz yoki biror tanlovda g‘olib bo‘lsangiz, maqtaning. Boringki, ibrat uchun biror o‘qigan kitobingizni o‘qishga tavsiya qiling. Ammo yolg‘on hayotga aldanmang, boshqalarni ham aldamang. Sizning yolg‘oningiz kimnidir oilasini buzishga, bolalarini yetim qoldirishga sabab bo‘lmasin.

Xurshida ERNAZAROVA.