100 yillik “Guliston”

Samarqandda xalqimizning sevimli nashrlaridan biri, bir asrlik tarixga ega “Guliston” jurnali tashkil etilganligining 100 yiligi munosabati bilan tahririyat ijodiy jamoasi ishtirokida uchrashuv va muloqotlar o‘tkazildi.

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti Markaziy Osiyo xalqlari tillari va madaniyati institutida mazkur ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari va talabalar, samarqandlik ijodkorlar qatnashgan  ijodiy uchrashuvda jurnalning tarixi va bugungi faoliyati haqida so‘z yuritildi. 

O‘z davrining ilg‘or ziyolilari tashabbusi bilan 1925 yilda tashkil etilgan jurnal dastlab “Yer yuzi” nomi bilan chiqa boshlagan. Jurnalning ilk sonlaridanoq xalqimiz ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, dunyoqarashini kengaytirishga qaratilgan dolzarb maqolalar, adabiy-badiiy asarlar chop etilgan. Shu sababli sobiq tuzum ta’sirida keyinchalik “O‘zbekiston qurilishda”,  “Mash’ala” nomlari bilan qayta tashkil etilib, faoliyatini davom ettirgan. 1935 yilda “Guliston” deb nomlangan.

Ayni paytda jurnal O‘zbekiston Madaniyat vazirligi muassisligida bir yilda 6 marta chop etilmoqda. Uning sahifalarida madaniyat sohasiga oid materiallar, madaniy meros va milliy qadriyatlar, teatr, musiqa, tasviriy san’at va xalq ijodiyoti, madaniy-ma’rifiy muassasalar va boshqa qardosh xalqlar hayoti haqida maqolalar berib borilmoqda.

– Jurnalning yuz yillik tarixi shundan dalolat beradiki, unda hamma vaqt, har qanday tuzum va sharoitda ham xalqimiz tarixi va madaniyati, adabiyoti va san’ati, turmush tarzi bilan bog‘liq eng dolzarb g‘oyalar, fikrlar, tashabbuslar ilgari surilgan, – deydi “Guliston” jurnali bosh muharriri o‘rinbosari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Mamatqul Hazratqulov. – Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, G‘afur G‘ulom, Oybek, Abdulla Alaviy singari ulug‘ adiblarimizning badiiy asarlari, ilmiy-publitsistik maqolalari chiqib turgan. Jurnal o‘tgan asrning 70-80 yillarida Ibrohim Rahim, Asqad Muxtor muharrirlik qilgan davrda respublikamizdagi eng nufuzli va ommaviy nashrlaridan biriga aylangan. Bu davrda “Farzandlar otalar haqida” rukni ostida 30-50-yillarda qatag‘on qilingan davlat arboblari, adabiyot va san’at namoyandalari haqida turkum maqolalar, “Temur tuzuklari”, Rasul Hamzatovning “Mening Dog‘istonim” asari chop etilgan. Bugungi ijodiy jamoa jurnalning bir asrlik an’analarini davom ettirgan holda yurtimiz ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy, ilmiy-adabiy hayotiga oid maqolalar tayyorlamoqda. Yangi ruknlar tashkil etilmoqda. 

Uchrashuvda jurnal tahrir hay’ati a’zosi, Samarqand davlat universiteti professori M.Muxitdinov, Markaziy Osiyo xalqlari tillari va madaniyati instituti direktori J.Eltazarov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi T.Tugalov, “Jamiyat” gazetasi bosh muharriri M.Jonixonov va boshqalar “Guliston”ning mamlakatimiz ilmiy va adabiy muhitidagi o‘rnini e’tirof etib, uning o‘tmishi va buguni haqidi o‘z fikrlarini bildirdilar. 

– “Guliston”da ishlamagan bo‘lsam ham mening jurnalistlik faoliyatim, badiiy ijodimda bu jurnalning alohida o‘rni bor, – deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, taniqli ijodkor Nusrat Rahmat. – Xususan, xalqimizning sevimli adibi Asqad Muxtor muharrirlik qilgan yillarda u kishining tavsiyalari bilan bir qator dolzarb mavzularda maqolalar tayyorlaganman va bu chiqishlarim mamlakat miqyosida katta aks-sado bergan, ma’lum bir tartib-qoidalar o‘zgarishiga, jamiyatdagi illatlarga yechim topishga xizmat qilgan. Haligacha ushbu jurnalda chop etilgan maqolalarimni hayajon bilan eslayman, ularning har biri qog‘ozga tushgunga qadar bo‘lgan jarayonlar bir-bir ko‘z oldimdan o‘tadi.

Tadbir davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga jurnal ijodkorlaridan batafsil javoblar oldilar.

Shu kabi ijodiy uchrashuv Samarqand viloyati musiqali drama teatrida ham o‘tkazildi va unda viloyatdagi teatrlar jamoalari vakillari, madaniyat xodimlar ishtirok etdi.