To‘garaklar iqtidorli talabalarga imkon
Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti kafedralari qoshida 11 ta ilmiy to‘garak faoliyat ko‘rsatib, ularda 300 ga yaqin talaba qamrab olingan. “Ustoz-shogird” an’analari asosida talabalar professor-o‘qituvchilar bilan birgalikda turli ilmiy sohalarda izlanishlar olib borishmoqda.
Xususan, agrotexnologiya kafedrasi qoshida “Yosh tadqiqotchi” va “Yosh muhandis” ilmiy to‘garaklari faoliyat yuritib, talabalarga zamonaviy agrotexnologiyalar va muhandislik yechimlari bo‘yicha bilimlar berilmoqda. Iqtisodiyot va buxgalteriya hisobi kafedrasi huzurida “Yosh iqtisodchi” hamda “Yosh hisobchi” to‘garaklari tashkil etilgan bo‘lib, ular orqali talabalar iqtisodiy tahlil, moliyaviy hisob-kitob va buxgalteriya hisobi asoslarini o‘zlashtirmoqda.
O‘simlikshunoslik kafedrasi qoshida “Ziroatshunos” ilmiy to‘garagi bo‘lib, o‘simliklarni yetishtirish, agrobiologik jarayonlar va zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha amaliy bilimlar berilmoqda. Dorivor o‘simliklar va oziq-ovqat texnologiyasi kafedrasi qoshida “Ibn Sino izdoshlari”, “Yosh chorvadorlar” va “Yosh texnologlar” ilmiy to‘garaklari tashkil etilib, dorivor o‘simliklar, chorvachilik hamda oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash texnologiyalari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar shakllantirilyapti.
Raqamli texnologiyalar, turizm va gumanitar fanlar kafedrasi qoshida “Creative students”, “Yosh dasturchi” va “Gid-turoperatorlar” ilmiy to‘garaklari orqali talabalar raqamli texnologiyalar, dasturlash, turizm va xizmat ko‘rsatish sohalariga oid zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqda.
Ilmiy to‘garaklar faoliyati davomida iqtidorli talabalar o‘zlarining startap loyihalari bilan ishtirok etib, ustozlardan loyiha shakllantirishdagi kamchiliklar, ularni bartaraf etish va yanada rivojlantirish bo‘yicha muhim tavsiyalar olmoqda. Bu esa talabalarning innovatsion fikrlashini rivojlantirish hamda ularning kelajakdagi kasbiy faoliyatiga mustahkam zamin yaratmoqda.
O‘tgan yil noyabrda Turkmaniston qishloq xo‘jaligi instituti tomonidan o‘tkazilgan xalqaro “Agroinnovatsiya: Barqaror rivojlanish yo‘li” loyihalar tanlovida “Ibn Sino izdoshlari” ilmiy to‘garagi a’zosi Azimjon Hamroyev o‘zining “Green protein” innovatsion loyihasi bilan ishtirok etib, 3-o‘rinni egalladi. “Yosh iqtisodchi” to‘garagi a’zosi Jasmina Xurramova “Qurilish chiqindilaridan dekorativ buyumlar yasash” loyihasi bilan “Mirzo Ulug‘bek vorislari” respublika tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Sardor USMONOV,
Yoshlar akademiyasi lideri.