Bo‘lar ekan-ku!

Vaqtida turmush qurishning ijobiy oqibatlari
Ijtimoiy tarmoqlarda, ommaviy axborot vositalarida “Erta turmush qurishning salbiy oqibatlari”, “Dabdabali to‘ylar ortidagi muammolar” va boshqa shu kabi mavzularda turli xil maqolalar, videolavhalar e’lon qilinyapti. Men esa sal boshqacharoq, vaqtida bo‘lgan to‘y va uning ijobiy oqibatlari haqida yozishni maqsad qildim.
Yaqinda o‘zim faoliyat yuritadigan Samarqand davlat chet tillar institutining bitiruvchilaridan biri, Roza ismli shogirdim turmushga chiqdi. Qiz bola - palaxmon toshi, deydi-ku! “Palaxmondan otilgan tosh”, ya’ni viloyatimizning olis qishlog‘idan chiqqan qiz poytaxtga tushdi.
U juda aqlli qiz edi. Institutga kirgandan 4-bosqichning oxirigacha faqat o‘qidi, turli sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. Sevmadi, sevilmadi. Dugonalarining “qariqiz bo‘lib qolib ketmasang bo‘lgani”, degan yarmi hazil, yarmi chin gaplariga ham parvo qilmadi. Ularga atalgan javobi har doim bor edi: “Hali ko‘rasizlar, oq ot mingan shahzodam meni izlab keladi!”
O‘tgan o‘quv yilining oxirrog‘ida institut darvozasidan tashqarida bir tanishimni kutib turganimda notanish bir keksa ayol yaqinlashib, salom-alikdan keyin meni savolga tutdi.
- Domlamisiz, singlim?
- Ha.
- To‘g‘risini aytsam, bir iltimos bilan keluvdim. O‘zim ishtixonlikman, o‘g‘lim Toshkentda yashaydi. Ikkinchi farzandini uylantirmoqchi. Shuning uchun esli xushli, inglizchani yaxshi biladigan qiz kerak-da.
- Kuyov bo‘lmish o‘qiganmi? – so‘radim qiziqib.
- Albatta, xalqaro universitetni tugatib, bankda ishlayapti. Unga o‘zim kelin topmasam, hali-beri uylanadigan niyati yo‘q. Tengdoshlari deyarli bari uylanib, farzandliyam bo‘lishyapti.
- Toshkentda tug‘ilib o‘sgan bo‘lsa qishloqda katta bo‘lgan qizga uylanarmikan nevarangiz?
- Albatta, o‘zi juda aqlli bola. Faqat topgan kelinning ingliz tilidan qanaqadir sertifikati bo‘lish kerak emish. Nomini aytishga tilim kelmaydi. Shunisi bo‘lsa, aqlli, bo‘yi uzunroq bo‘lsa...
- Onamga o‘xshatdim sizni xola, - gapini bo‘ldim uning va birinchi xayolimga kelgan kelinlikka nomzod Roza bo‘ldi. – Siz istagan bir qiz bor. O‘zimning shogirdim. Bir ko‘rasiz, ma’qul kelsa...
- Yaxshi bo‘lardi, - uyam mening gapimni bo‘ldi. – O‘xshab qolsa to‘yida qimmat ko‘ylak kiydiraman sizga!..
Taqdir ekan, shogirdim aytganidek, uni izlab kelgan “oq ot mingan shahzoda” o‘sha toshkentlik yigit bo‘lib chiqdi.
Yaqinda Roza bir ish bilan Samarqandga kelgan ekan. Men bilan ham uchrashib ketdi. Baxtli ekanligi, juda yaxshi oilaga kelin bo‘lganligi, asosiysi, o‘zi orzu qilgandek magistraturani Toshkentda o‘qishi, ahamiyatlisi, Samarqanddagidek bir ijara uydan boshqasiga ko‘chib yurishdek sarsongarchilikdamas, o‘z uyidan o‘qishga qatnash imkoniyati borligi haqida to‘lqinlanib gapirib berdi.
- Baxtingga ko‘z tegmasin, - dedim men ham xursand bo‘lib.
- Buvijonim, ya’ni momoqaynonam sizga salom aytib yubordi.
- Ha, to‘yingda momoqaynonang menga ko‘ylak kiydirmoqchi edi, - dedim kulib. – Sovg‘a u yoqda tursin taklif ham qilinmadim-ku. Bu albatta, hazil. Asosiysi, baxtli bo‘lishing, ota-onang va biz ustozlaringning yuzini yorug‘ qilishing, ishonchimizni oqlashing kerak.
- Ha, albatta, ishonchingizni oqlayman. To‘g‘risi, to‘yga keladigan bo‘lsak, Ikkala tomon ham ixcham qilib o‘tkazishga kelishdi. Kuyov bo‘lmish “ZAGS”ga nechta mashina olib boraylik”, deganda men “bitta yetadi”, desam yoqa ushladi. Dugonalarimning deyarli hammasi turmushga chiqib ketgan, qolganlariyam qishloqning aqlli qizlari, men bilan birga “ZAGS” tadbiri uchun uzoq yo‘lga bormaydi-ku. To‘yda Toshkentda o‘qiyotgan ikki dugonam va yaqin qarindoshlarim, jami 35 kishi qatnashdi. Kuyov tomondan 100 nafardan ziyod kishi bo‘lsa, hammasi bo‘lib, taxminan 150 kishi bilan to‘yimiz o‘tdi. Ayniqsa, Samarqanddan borgan har bir qarindoshimiz hayratini yashirolmadi. “Bo‘lar ekan-ku, to‘yni shunaqa o‘tkazsa ham”, deyishdi. Turmush o‘rtog‘im ham xursand. Men kelin bo‘lib tushgan xonadon a’zolari to‘ydan ortgan pulni nimaga sarflash mumkinligini haqida maslahatlashayotgan paytda, bilib-bilmay gapga qo‘shilib qo‘ydim, ya’ni qaynota-qaynonamni Turkiyaga sayohatga yuborish taklifini o‘rtaga tashladim. Qaynonamning ko‘ziga yosh keldi. Ular qishloqdan poytaxtga borganidan beri uch o‘g‘ilni katta qilish, o‘qitish, har biriga kvartira sotib olish ilinjida yuraverib, tayinli dam olmagan ham ekan. Xullas, ular meni o‘z qizlaridek qabul qildi. Magistratura bosqichida o‘qishimni davom ettirishimga beminnat yordam berishyapti.
- Qoyil, baxtingga ko‘z tegmasin. Sizdek aql bilan ish yuritadigan yigit-qizlar safi kengaysin!
Nasiba Siddiqova.