Bu yilgi abituriyentlar ko‘rsatkichi maqtashga arziydimi?

Bu yil davlat oliy va professional ta’lim muassasalariga (kasb-hunar maktabi bundan mustasno) qabul qilish bo‘yicha imtihonlar “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq bir vaqtda o‘tkazildi. O‘tgan yildan boshlab abituriyentlar to‘plagan balidan kelib chiqib, dastlab oliy ta’limning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga, so‘ngra professional ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilinyapti.
2025-2026 o‘quv yili uchun davlat oliy va professional ta’lim muassasalariga 671 397 nafar abituriyent hujjat topshirdi. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan ancha kam, ya’ni 2024-2025 o‘quv yilida 894 279 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgandi. Negadir yildan yilga davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishni istovchi abituriyentlar soni kamayib ketyapti.
Joriy yilda davlat oliy ta’lim muassasalariga 203 537 ta kvota ajratildi. Bu raqam har uch nafar abituriyentdan bittasi talaba bo‘lishi mumkinligini anglatadi. Qolgan abituriyentlar uchun respublikamizda xususiy oliygohlar ham faoliyat olib bormoqda.
Shunisi quvonarliki, joriy yilda 678 nafar abituriyent fanlar majmuasiga mos milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgani sababli test sinovlaridan ozod qilindi. Faqat ularga test sinovlari yakunlangach, qabulning ikkinchi bosqichida qatnashishga ruxsat berildi. Ya’ni sertifikati bor abituriyentlarga oliy ta’lim muassasasi, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi, ta’lim shakli va tanlov ustuvorligini tanlash orqali o‘qishga qabul qilish imkoniyati berildi.
Test sinovlari jarayonida abituriyentlarning to‘plagan ballari imtihonning ertasi kuni e’lon qilib borildi. Imtihon tugagach, abituriyentlarning 826 nafari eng yuqori 189 ball to‘plagani ma’lum bo‘ldi. Bunday ko‘rsatkich yaqin yillarda kuzatilmagandi. Ta’limga berilayotgan e’tibor yoshlarning bilimida aks etayotgani quvonarli, albatta.
Bitiruvchilarning umumiy o‘rtacha bali 81,7 balni tashkil qildi
O‘tgan yili 345 ming abituriyent test sinovlarida 56,7 ball ham to‘play olmagandi. Bu jami abituriyentning 46,9 foiziga to‘g‘ri kelgandi. Xo‘sh, bu yilgi ko‘rsatkichlar qanday?
Bilimlarni baholash agentligi joriy yilda abituriyentlar to‘plagan natijalar bo‘yicha statistikalarni e’lon qildi.
Hududlar kesimida o‘rtacha ball bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Buxoro viloyatida qayd etilgan — 89,5 ball. Keyingi o‘rinlarni Toshkent shahri (82,8) hamda Navoiy viloyati (80,4) egallagan.
Eng quyi pog‘onadan esa Jizzax (73,3), Surxondaryo (71,7) hamda Andijon (70,9) joy olgan.
Bu yil respublika bo‘yicha o‘rtacha ball 76,9 balni tashkil qilmoqda. Samarqand viloyati yoshlarining o‘rtacha bali respublikanikidan ham past, ya’ni 75,8 ball to‘plagan.
O‘z navbatida, joriy yilgi bitiruvchilarning o‘rtacha ballari barcha hududlarda nisbatan balandroq bo‘lgani bilan ahamiyatlidir. Joriy yilgi bitiruvchilarning umumiy o‘rtacha bali 81,7 balni tashkil qilmoqda.
41,29 foiz abituriyent 56,7 ball ham to‘play olmagan
Abituriyentlarning 253 ming 844 nafari, ya’ni 41,29 foizi 56,7 balni (maksimal balning 30 foizi) ham to‘play olmagan. Bu haqda bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev shunday yozmoqda:
- O‘tgan yilgi holat bilan solishtirganda ahvolimiz 6 foizga yaxshilanibdi. Umuman olganda yildan yilga yaxshi tomonga o‘zgarish bor, ko‘z tegmasin. Masalan, 2022 yilda 51,2 foiz abituriyent 56,7 baldan kamroq ball to‘plagan edi. 2023 yilda 8 ta hududda, 2024 yilda esa 4 ta hududda abituriyentlarning 50 foizdan ko‘prog‘i 56,7 baldan past ball olgan edi. Joriy yilda bironta hududda bunday salbiy ko‘rsatkich qayd etilmagan. O‘tgan yilgiga qaraganda natijasi yomonlashgan bironta hudud yo‘q. Hammasida o‘sish bor.
Darhaqiqat, ta’limga e’tibor bugun kechagidan ancha yaxshi. Ota-onalar ham farzandini yaxshi o‘qishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratib beryapti, maktab ta’limidan so‘ng qo‘shimcha darslarga o‘qityapti. Buning natijasi yildan yilga sezilyapti. Ta’limga e’tiborni yanada kuchaytirsak, yaqin yillarda imtihonda past ball oladigan abituriyentlar deyarli qolmaydi.
Xurshida ERNAZAROVA.