Samarqandlik rassomlarning urush xotiralariga bag‘ishlangan suratlari tomoshabinlar e’tiborini tortdi

Samarqand shahridagi O‘smatboy madrasasidagi kartinalar galereyasida Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan O‘zbekiston Badiiy akademiyasi badiiy ijodkorlar uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi rassomlarining ijodiy asarlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazmada rassomlarning urush xotiralari, uning qahramonlari, Samarqandning betakror manzaralari, urushdan keyingi yillarda kishilar hayoti, nigohi aks etgan suratlar joy oldi.
- Bunday ko‘rgazmalar bizga ijodiy ilhom beradi, - deydi rassom Ozod Negmatov. – Yaqinda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan samarqandlik rassomlarning ijodiy ko‘rgazmasi ham shular jumlasidan. Ularda o‘z asarlarimiz bilan qatnashib, yangi g‘oyalar bilan qaytamiz. Rassom uchun e’tibor va motivatsiya juda muhim. Uning asarlari tomoshabin nigohida ekan, u siz ilg‘amagan go‘zalliklarni, manzaralarni, inson qarashlarini moybo‘yoqlar orqali qog‘ozga tushiraveradi.