Samarqandliklarga shu paytgacha qancha dori jamlanmalari tarqatildi?

Garchi, bugun karantin choralari cheklanib, qariyb barcha ijtimoiy soha, maishiy xizmat, savdo xizmat ko‘rsatish shoxobchalari ish boshlagan bo‘lsa-da, bu hali koronavirus butunlay chekinganini anglatmaydi. Aksincha, hushyorlikni yanada oshirish, aholi orasida sanitariya qoidalariga amal qilishni yanada kuchaytirish lozim. Ayni paytda virusga chalingan, uyida davolanayotgan yoki uning belgilarini yengilroq shaklda o‘tkazayotgan  bemorlarni davolash uchun qanday choralar ko‘rilmoqda? Bu haqda Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i o‘rinbosari Nodira Mirzayeva quyidagilarni so‘zlab berdi.

- Ayni paytda Samarqand shahrida 11 ta oilaviy poliklinika faoliyat ko‘rsatib, ularning barchasida mobil brigadalar tashkil etilgan, - deydi N.Mirzayeva. – Ularning ikkitasi, ya’ni 2- va 4-oilaviy poliklinikalar koronavirus xastaligiga chalingan, gumon qilingan bemorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlashga mo‘ljallangan. Ushbu poliklinikalar rentgen, EKG va boshqa asboblar bilan jihozlangan. Kunduzgi statsionar uchun sharoitlar yaratilgan.

Qolaversa, har bir poliklinikada Kovid-markaz tashkil qilingan bo‘lib, unda hududdagi aholining chaqiruvlari, kovid aniqlangan va ular bilan aloqada bo‘lgan oila a’zolari ro‘yxat shakllantirilib, holidan xabar olinmoqda.  

Aytish kerakki, 6 avgustdan to hozirga qadar Samarqand shahrida koronavirus aniqlangan yoki ular bilan muloqotda bo‘lganlarga 2098 ta dori jamlanmalari tarqatildi. Kunduzgi statsionarda esa kasallikning yengilroq shaklda o‘tayotganlarning davolanishlari uchun sharoitlar yaratildi.