Dori vositalariga umid xorij bozoridan bo‘lmasligi kerak

Viloyat hokimligi tomonidan olib borilayotgan sa’y-harakatlar shunga qaratilgan
Mamlakatimizning narxlari tez oshib borayotgan xorij dori vositalariga bog‘liqligi yuqori darajadaligicha qolmoqda, qariyb 1,5 milliard dollarlik dori vositalari bozorida mahalliy mahsulotlar ulushi bor-yo‘g‘i 19 foizni tashkil etadi.
Viloyatimizda o‘tgan yili 54 ta korxona tomonidan 383 million dollarlik dori vositalari va tibbiyot buyumlari import qilingan va bu 2023 yilga nisbatan 13 foizga oshgan.
Joriy yil yanvar-fevral oylarida 79,1 million dollarlik mahsulot import qilinib, o‘tgan yil mos davriga nisbatan 4,5 million dollarga yoki 6 foizga ko‘paygan. Ushbu ko‘rsatkich viloyat importining 23 foizini tashkil qiladi. Shuni o‘ziyoq dori vositalari va tibbiyot buyumlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish qanchalik muhimligini ko‘rsatadi.
2024 yilda 36 ta farmatsevtika korxonasidan 15 tasi hisobot topshirgan va 195 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilganligini ko‘rsatgan. Ulardan 5 tasi dori vositalari, 5 tasi veterinariya preparatlari, 3 tasi tibbiyot buyumlari, 6 tasi biologik faol qo‘shimchalar, 17 tasi ziravorlar va dorivor o‘simliklar damlamalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
5 ta korxona tomonidan 340,1 ming dollarlik mahsulot eksport qilingan bo‘lsa-da, bu 2023 yilga nisbatan 12 foizga kamaygan.
2024 yil investitsiya dasturida bironta loyiha ishga tushirilmagan. Joriy yilda esa faqat Bulung‘ur tumani 71,5 million dollarlik ikkita - "Yangi osiyo xalqaro biofarmasevtika" mas’uliyati cheklangan jamiyatining biopreparatlar tayyorlash, "Usmonov Baxtiyor" yakka tartibdagi tadbirkorinng shprits, gemodez ishlab chiqarish loyihalarini taqdim etgan, xolos.
Qolgan tuman va shaharlarda 2025 yil uchun farmatsevtika yo‘nalishida birorta loyiha takliflari taqdim etilmagan.
Xitoy Xalq Respublikasi dunyo farmatsevtika sanoati eng rivojlangan mamlakat hisoblanib, jahon farmatsevtika bozori xom ashyosining katta qismini yetkazib beradi. Hozirgi kunda eng zamonaviy dori vositalar bilan birga barcha turdagi dori vositalari ishlab chiqaradigan qurilmalar eksport qilmoqda.
Lekin bu mamlakatga oxirgi oylardagi xizmat safarlarida shahar va tumanlar hokimlari, ularning investitsiyalar va tashqi savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari farmatsevtika sohasiga birorta investitsiya olib kelmagan.
Bundan tashqari, viloyatda dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash darajasi ham o‘ta past. Tahlillar asosida Nurobod va Qo‘shrabot tumanlarida yetishtirilgan dorivor o‘simliklardagi foydali elementlar tarkibi eng boy, deb topilgan. Bas shunday ekan, qayd qilingan tumanlarning hokimlari ushbu yo‘nalishda investorlarni topib, loyihalar ustida ishlashlari zarur.
Umuman olganda, viloyatda farmatsevtika sohasida importni maqbullashtirish o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Negaki, bunaqa imkoniyat boshqa viloyatlarda bo‘lmasligi mumkin – eng yirik import’rlar Samarqandda bo‘lsa-da, ishlab chiqaruvchilar sanoqli. Bu hududlar rahbarlarining e’tiborsizligidan boshqa narsa emas.
Shu bois, viloyat hokimligida o‘tgan yig‘ilishda dori vositalari va tibbiyot buyumlari ishlab chiqarishni kengaytirish, import qilinayotgan dori vositalarini mahalliylashtirishni chuqurlashtirish borasida jiddiy o‘zgarishlar qilish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. Xususan, investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi, tumanlar, shaharlar hokimlari ikki oy muddatda hududlardagi har bir importyor bilan dori vositalari va tibbiyot buyumlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha kamida 2 tadan loyiha takliflari ishlab chiqishi belgilandi.
Viloyat moliya va iqtisodiyot boshqarmasiga farmatsevtika sohasidagi davlat ro‘yxatidan o‘tgan 28 ta faoliyat ko‘rsatmayotgan korxonaning ishlamayotganlik, 2024 yilda 36 ta faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalardan 20 tasi statistik hisobotlarni topshirmaganlik sabablarini o‘rganish vazifasi topshirildi.
Yoqubjon Marqayev.