Misrdan O‘zbekistonga S gepatitiga qarshi dori vositalari partiyasi olib kelindi

Kecha «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasi Misr hukumati tomonidan mamlakatimizga insonparvarlik yordam sifatida ajratilgan S gepatitiga qarshi “Daklatasvir” dori vositasining to‘rtinchi turkumini Sharm ash-Shayxdan Toshkentga bepul yetkazib berdi.

Mazkur aksiya O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, mamlakatimizning Qohiradagi elchixonasi va «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasi tomonidan amalga oshirildi. Ushbu yukning yurtimizga olib kelinishi O‘zbekiston va Misr o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlikni yanada jadallashtirish, virusologiya yo‘nalishida bir-birini o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni tashkil etish doirasida ilgari erishilgan kelishuvlarning amaliy natijasidir.

Umumiy qiymati 34 930 AQSh dollarini tashkil etgan 17 mingdan ortiq “Daklatasvir” dori vositalari O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti tomonidan shifotalab bemorlar o‘rtasiga taqsimlanadi.

Ta’kidlash lozimki, Misr sog‘liqni saqlash vazirligi bilan 

2023-2024 yillar davomida umumiy qiymati 4,8 million dollarlik jami 800 ming dona (40 tonnaga yaqin) S gepatitiga qarshi “Daklatasvir” va “Sofosbuvir” dori vositalarini yurtimizga bepul yetkazib berish bo‘yicha  kelishuvlarga erishilgan edi, deya xabar bermoqda “Dunyo” AA.