SamDChTI Qo‘shrabotda o‘quv markazlar ochdi

“Kambag‘allikdan farovonlik sari” umummilliy dasturi doirasida tuman markazi va Jo‘sh qishlog‘ida tashkil etilgan markazlarda kam ta’minlangan oila farzandlari, xorijiy davlatlarga ishlash maqsadida ketayotgan fuqarolarga institut pedagoglari tomonidan ingliz, nemis va koreys tillari o‘qitiladi.

O‘quv markazlar uchun tuman markazida joylashgan 82-umumta’lim maktabi binosidan 5 ta xona, Jo‘sh hududidagi kasb-hunar kolleji binosidan 5 ta xona ajratildi.

Bu xonalar institut tomonidan ta’mirlanib, zarur jihozlar, o‘quv adabiyotlari, ko‘rgazmali vositalar, zamonaviy axborot texnologiyalari bilan ta’minlandi.

– Tumanimizda koreys tilini o‘rgatadigan o‘quv markaz yo‘q edi, - deydi 77-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Mohina Toshkenboyeva. – Buning uchun Samarqand shahriga borishimizga to‘g‘ri kelardi. Chet tillar instituti ochgan markazda esa koreys til o‘rgatilar ekan. Bu biz uchun juda qulay bo‘ldi. Eng muhimi, kurslar bepul ekan.

Markazlarda mashg‘ulot olib borish uchun 6 nafar mutaxassis ajratildi. Ularga institut tomonidan ish haqi to‘lanadi.