Saylovlarda ovoz berishning yashirinligini buzish, imzo varaqalariga soxta yozuvlar kiritish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi
AOKAda o‘tkazilgan brifingda Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov saylov qonunchiligini buzganlik uchun belgilangan javobgarlik haqida ma’lumot berdi:
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51 (2) va 51 (9)-moddalarida saylov va referendumni tashkil etish hamda o‘tkazish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik belgilangan.
Shuningdek, Jinoyat kodeksining 146-moddasida saylov yoki referendum tashkil qilish, ularni o‘tkazish vaqtida mansabdor shaxslar, siyosiy partiyalar yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakillari, tashabbuskor guruhlar yoki saylov yoxud referendum komissiyalari a’zolari tomonidan ovoz berishning yashirinligini buzish, saylov yoki referendum hujjatlarini qalbakilashtirish, saylov yoki imzo varaqalariga soxta yozuvlar kiritish, berilgan ovozlarni ataylab noto‘g‘ri hisoblash uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.
Xususan, bunday qilmish bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.