Sektor hayoti: “Odamlar bugun baxtli bo‘ladi(mi?)”
Payariq tumani prokurori Shuhrat Toshtemirov rahbarlik qilayotgan 2-sektor hududida 14 ta mahallada 62 ming nafardan ziyod aholi yashaydi. Hududda 714 oila kambag‘allar ro‘yxatiga kiritilgan edi. Ko‘rilgan choralar tufayli 464 oila doimiy daromad manbaiga ega bo‘ldi. Umuman, sektordagi 1039 kishi mavsumiy va doimiy ish bilan ta’minlandi.
O‘tgan davrda 121 nafar ishsiz xotin-qiz “Paradise wait gold tekstile” MChJning amaliy yordami bilan korxonada nazariy va mashg‘ulotlarga jalb qilindi. Ulardan 24 nafari korxonaning o‘zida, boshqalari esa tegishli tartibda ish bilan ta’minlandi. Jumladan, 30 nafar opa-singillarimizga mustaqil faoliyat yuritishlari uchun tikuv mashinalari olib berildi.
Sektor tashabbusi bilan uch marta mehnat yarmarkasi tashkil etilib, 22 nafar ayol va yoshlar doimiy ish bilan ta’minlandi.
Bundan tashqari, prokuratura va tegishli tashkilotlar hamkorligida 60 nafar xotin-qizlarga tibbiy yordam ko‘rsatildi, 40 nafariga 33 million so‘mlik moddiy yordam berildi, 330 nafarining bandligi ta’minlandi.
Misol uchun, Turki bola mahallasida yashovchi Z.Abdiyevaga 2 sotixli issiqxona qurib berildi.
Sektor rahbari tashabbusi bilan hududdagi 10 nafar yolg‘iz ayol uy-joy bilan ta’minlanishiga amaliy yordam ko‘rsatildi.
Sho‘rtepa mahallasida olib borilayotgan ishlar e’tiborga loyiq. Negaki, bugun qishloqdagi 250 xonadon to‘liq ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Xo‘jaliklararo 6,8 kilometr yo‘lga shag‘al yotqizildi, mahalla ichidan o‘tuvchi asosiy yo‘lning 4 kilometr qismi ta’mirlandi. Hademay qiymati 4,5 milliard so‘mlik 140 o‘rinli maktabgacha ta’lim maskani quriladi.
Pardaboy Ergashev.