Senatda Samarqand viloyati yoshlari bandligi va tadbirkorligini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi

Oliy Majlis Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisida Samarqand viloyatida yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, shuningdek, ularning bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar holati muhokama qilindi.

 Majlisda senatorlar, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillari, ekspertlar, mahalliy Kengashlar deputatlari va Yoshlar parlamenti a’zolari ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash maqsadida “Kelajakka qadam” dasturi doirasida 201 ta loyiha uchun 8,7 mlrd so‘m kredit ajratilgan. Shuningdek, “Biznesga birinchi qadam” dasturi bo‘yicha 174 ta loyihaga 1,7 mlrd so‘m, “Yorqin kelajak sari” dasturi bo‘yicha 7 ta loyihaga 5,9 mlrd so‘m kreditlar berilgan.

Savdo-sanoat palatasi, Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari, Kasbiy ko‘nikmalar markazlari va boshqa muassasalarda yoshlar kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitilmoqda. “Bitiruvchi yoshlar bandlik dasturi” doirasida esa 37 810 nafar yoshlarning bandligi ta’minlangan.

Shu bilan birga, muhokamalar davomida sohada qator muammolar mavjudligiga e’tibor qaratildi. Xususan, 2025 yilda ro‘yxatdan o‘tgan 3533 nafar yakka tartibdagi tadbirkor yoshlarning 1536 tasi o‘z faoliyatini shu yilning o‘zida to‘xtatgan.

Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalaridagi 164 ta investitsiya loyihasidan atigi 12 tasi ishga tushirilgan, 110 tasida esa ishlar boshlanmagan. Natijada rejalashtirilgan 1037 ta ish o‘rnidan bor-yo‘g‘i 37 tasi yaratilgan bo‘lib, ularning juda kam qismi yoshlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, viloyatdagi barcha sanoat zonalarida yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, ichimlik suvi bilan ta’minlash ishlari haligacha yakunlanmagan.

Tijorat banklari viloyatdagi 129 ta loyiha uchun Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish jamg‘armasiga buyurtmanoma bergan, biroq shundan atigi 40 ta loyihaga mablag‘ ajratilgan.

Kasbiy ko‘nikmalar markazida “vaucher” asosida o‘qitilgan 2124 kishidan 1412 nafari, Xotin-qizlar tadbirkorlik markazida o‘qitilgan 7200 nafardan 4244 nafari, Savdo-sanoat palatasi tomonidan o‘qitilgan 523 nafardan 309 nafarining bandligi ta’minlanmagan.

Majlis yakunida qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilinib, unda o‘rganish davomida aniqlangan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish yuzasidan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar zimmasiga vazifalar yuklatildi.