Senatorlar samarqandliklarning muammolarini o‘rganmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati a’zolari ayni paytda Samarqand viloyatida bo‘lib, joylarda kommunal sohadagi muammolar, bozorlardagi narx-navo barqarorligi, tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatidagi masalalar hamda aholining murojaatlarini o‘rganmoqda.

Payt Darg‘om tumani Bog‘ishamol mahallasida yashovchi fuqarolar Senatga mahalladagi suyultirilgan gaz ta’minoti bilan bog‘liq masala yuzasidan murojaat qilgan edi.

Parlament yuqori palatasi qo‘mita raisi B.Sayfullayev va senator F.Boqiyev ushbu murojaatni o‘rganish maqsadida Bog‘ishamolga bordi.

– Mahallamizga tabiiy gaz berilmaydi. Shu bois suyultirilgan gazdan foydalanamiz, - deydi Zoir Rahmatov. – Belgilangan rejaga muvofiq, 45-50 kunda “Go‘zalkentgaz” filiali tomonidan gaz ballonlar to‘ldirilishi kerak. Afsuski, 110 kundan beri gaz ballonlar almashtirilmadi. Shu masala yuzasidan Senatga murojaat qilgandik. Bugun senatorlar, viloyat va tuman mutasaddilari muammoni joyida hal etishdi.

Tumanning Qo‘shquduq mahallasi fuqarolari bilan ham suhbat o‘tkazildi. Mahalla ahlining ta’kidlashicha, joriy yilda mahallada artezian qudug‘i tashkil qilinib, ichimlik suvi chiqarilgan. Ammo bu suv iste’molga yaroqsiz. Mahalla aholisi ushbu masalada, shuningdek, hududdagi eski simyog‘ochlarni beton ustunlarga almashtirish bo‘yicha Senatga murojaat qilgan. Senatorlar mazkur masalani ham mutasaddilar ishtirokida joyida muhokama qildi va muammoni bartaraf etish chora-tadbirlari belgilandi.

Senatorlar Kattaqo‘rg‘on tumanida yaqinda ish boshlashi kutilayotgan shifer zavodi tashabbuskorlari bilan suhbatlashdi. Yiligi 1 million 200 ming dona shifer ishlab chiqarish quvvatiga ega korxonada 60 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Senatorlar mazkur korxonani ishga tushirish borasidagi muammolarni ham o‘rgandi.

Parlament a’zolari tumandagi “Payshanba dehqon bozori”da bo‘lib, mahsulotlar sifati, narx-navo bilan qiziqdi. Bozordagi kartoshkaning sifatsiz ekanligi senatorlar e’tiborini tortdi va mas’ullarga bu holatni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Go‘sht narxiga alohida e’tibor qaratildi.

Tuman aholisi senatorlarga yo‘l qurilishi, elektr energiyasi va tabiiy gaz bosimining pastligi yuzasidan murojaat qildi. Senatorlar shu joyning o‘zida tuman hokimligi, kommunal soha mutasaddilariga mavjud mummolarni o‘rganish, kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma berib, holatni nazoratga olishdi.

Kattaqo‘rg‘on shahrida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida shahardagi ba’zi tashlandiq holatga kelib qolgan binolar senatorlar e’tiborini tortdi. Shahar markazidagi umumiy maydoni 2,5 gektarga yaqin bo‘lgan sobiq harbiylar madaniyat uyi o‘rnida shahar hokimligi tomonidan madaniyat saroyi tashkil etish bo‘yicha loyiha ishlab chiqilgan. Tashlandiq holatdagi maydonda ba’zi sabablarga ko‘ra, loyihani amalga oshirish kechikayotganligi ma’lum qilindi.

Shuningdek, shahardagi 23 ta madaniy meros ob’yektining ikkitasi yaroqsiz holatga kelib qolganligi mas’ullar tomonidan ta’kidlandi. Senatorlar mazkur binolarning holatini ko‘zdan kechirishdi.

Senatorlarning Samarqanddagi o‘rganishlari davom etmoqda.