Samarqandni rivojlantirish borasida senatorlar qanday fikrda?

Avval xabar qilganimizdek, xalq deputatlari viloyat Kengashining bugun bo‘lib o‘tgan navbatdagi sessiyasida Oliy Majlis Senatining ishchi guruhi tomonidan viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyat samaradorligini oshirish borasidagi ishlarni o‘rganish yakunlari ko‘rib chiqildi.

Oliy Majlis Senati raisi o‘rinbosari Zayniddin Nizamxodjayev hamraislik qilgan sessiyada kun tartibidagi masala yuzasidan parlament yuqori palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasi raisi Tolibjon Madumarov ma’ruza qildi.

Qayd qilinganidek, Senat ishchi guruhi viloyatimizda 2-6 mart kunlari o‘rganish o‘tkazgan. Aniqlanganidek, viloyatni kompleks rivojlantirish va bu jarayonda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari salohiyatidan foydalanish borasida muayyan ishlar amalga oshirilgan.

Davlatimiz rahbarining viloyatga 6 marta amalga oshirgan tashriflari davomida berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida 450 dan ortiq loyiha tasdiqlanib, ular ijrosi ta’minlanmoqda.

Pirovardida 2019 yilda 40 mingta o‘rniga 45 mingta yangi ish o‘rni yaratilgan hamda yalpi hududiy mahsulot hajmi 37 trln. 594 mlrd. so‘mni tashkil etgan. Bugungi kunda viloyat qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi bo‘yicha respublikada 2-o‘rinda turadi.

Ijtimoiy sohani rivojlantirish borasida ham ijobiy natijalarga erishilgan. Jumladan, 2019 yilda tibbiyot muassasalari 10,3 mlrd. so‘mlik zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlangan, tez tibbiy yordam avtomashinalar soni 115 tadan 260 taga yetkazilgan, oxirgi 3 yilda xususiy tibbiyot muassasalari soni 10 barobarga ortib, 376 taga yetgan.

Viloyatdagi 237 ta maktabni keng polosali (optik tolali) yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash ishlari olib borilgan, 764 ta maktab “Uztelecom” aloqa tizimi orqali internetga ulangan.

Sessiyada viloyatni rivojlantirishga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan ayrim muammo va kamchiliklar borligi, mavjud salohiyatdan to‘liq foydalanilmayotganligi ham qayd etildi.

Jumladan, viloyat bo‘yicha 156 ta egasiz elektr tarmoqlari ob’yektini o‘z vaqtida qabul qilinmaganligi natijasida 2017-2019 yillarda 196,9 mln. so‘mlik elektr energiyasi texnik yo‘qotishlarga olib kelgan.

Hisob palatasi tomonidan viloyatdagi xalq ta’limi muassasalarida 11 mlrd. 432 mln. so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan.

Nurobod va Samarqand tumanlaridagi 2 ta madaniyat va istirohat bog‘i o‘z vaqtida foydalanishga topshirilmagan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 28 noyabrdagi 

PQ-4038-son qaroriga asosan 2019 yilda viloyatdagi madaniyat markazlarida bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar to‘liq amalga oshirilmagan. Xususan, 2 ta madaniyat markazida (Bulung‘ur, Pastdarg‘om) qurilish ishlari yakunlanmagan bo‘lsa, 2 tasida (Kattaqo‘rg‘on shahri, Jomboy) qurilish boshlanmagan. Bugungi kunda madaniyat markazlarida 4 turdagi 340 ta musiqa asbobiga ehtiyoj mavjud. 

Viloyatda aholini ichimlik suvi, elektr energiyasi va tabiiy (suyultirilgan) gaz bilan to‘liq va uzluksiz ta’minlash borasida muammolar mavjud. Elektr tarmoqlarining ayrim qismlari foydalanish uchun yaroqsiz holga kelib qolgan. Gaz quvurlarini mukammal ta’mirlash bo‘yicha 2019 yilga belgilangan reja bajarilmagan. Viloyatning ichki xo‘jalik yo‘llari ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan. 

Sessiya ishi davomida senatorlar va mahalliy Kengash deputatlari qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmas chora-tadbirlar ko‘rish zarurligi ta’kidlashdi hamda bu yuzasidan mahalliy ijro hokimiyati organlari rahbarlarining hisobotlari tinglandi va muhokama etildi.

Sessiya yakunlariga ko‘ra, tegishli qaror qabul qilinib, mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi va ijrosi ustidan deputatlik nazoratini qat’iy yo‘lga qo‘yish belgilandi.