Shavkat Mirziyoyev qishki Olimpiya o‘yinlari ochilish marosimida qatnashadi
Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin taklifiga binoan, Pekin shahrida bo‘lib o‘tadigan 2022 yilgi qishki Olimpiya o‘yinlarining 4 fevral kungi ochilish marosimida xorijiy davlatlarning rahbarlari, yetakchi xalqaro tashkilot rahbarlari ishtirok etadi.
Ular qatorida XXR raisi taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham qatnashadi.
Sinxua axborot agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Xitoy rahbari 4-6 fevral kunlari Pekinda xorijiy davlatlar yetakchilari, hukumat rahbarlari, qirollik oilalari a’zolari va xalqaro tashkilotlar rahbarlari sharafiga qabul marosimi o‘tkazadi.
Mehmonlar orasida Rossiya, Singapur, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston, Misr, Polsha, Argentina rahbarlari, Kambodja qiroli, Qatar amiri, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi, boshqa qator davlatlar yetakchilari, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Gebreyesus bor.
***
Ma’lumot uchun: Olimpiya o‘yinlari Pekin shahrida 4-20 fevral kunlari, Paralimpiya o‘yinlari esa 4-13 mart kunlari bo‘lib o‘tadi.